BALNEOTERAPIYA
BALNEOTERAPIYA (balneo… va terapiya) — tabiiy va sun’iy tayyorlangan mineral suvlar bilan davolash. Bemorlarga buyuriladigan mineral suvning fizik-kimyoviy xossasi va tarkibi har xil bo’ladi. Undagi gazlar, tuz eritmalari, mikroelementlar va boshqa moddalar odam organizmiga fiziologik va shifobaxsh ta’sir qiladi. Mineral suv, asosan, vanna sifatida va ichish uchun buyuriladi. Undan foydalanishda umumiy va mahalliy vannalar, dush, basseynlarda cho’milish, og’iz, burun, tomoqni chayish, ingalyasiya, me’da-ichaklarni yuvish kabi usullar keng tarqalgan. Mineral suvlarning shifobaxshligi ular tarkibida karbonat angidrid, vodorod sulfid, azot, radioaktiv modda — radon va boshqa mineral tuzlar borligiga asoslangan. Mineral suvli vannalar organizmdagi fiziologik va biologik jarayonlarga teri reseptorlari, nafas yo’llaridagi reseptorlar orqali mexanik, termik, kimyoviy va radiasion ta’sir ko’rsatadi. Gazli mineral suv vannalari tarkibidagi kimyoviy birikmalar va pufakchalar teri orqali ko’proq ta’sir etadi. Mineral suv ichilganda me’da-ichak yo’lining shilliq pardasiga temperaturasi, mineral moddalari va gazlari bilan ta’sir ko’rsatadi. U ovqatdan bir oz oldin ichilsa, me’dadan shira chiqishi tezlashadi, 1-2 soat ilgari ichilganda esa sekinlashadi. Shuning uchun me’dadan shira chiqishi kamayganda ovqatdan bir oz oldin, oshib ketganda esa ovqatdan 1 — 1,5 soat ilgari ichiladi. Mineral suv me’daichak faoliyatigagina emas, balki butun organizmdagi moddalar almashinuviga, qon aylanishiga ta’sir qiladi. Issiqsuv tomir urishini tezlashtirsa, sovuq suv sekinlashtiradi va tomir tonusini kuchaytiradi. Organizmda suv, kislotaishqor muvozanatini, oqsillarning kolloidal xususiyati va dispersligini, hujayralarning suv biriktira olish xususiyatini o’zgartiradi, organizmdagi tuzlar muvozanati ham bir qadar o’zgaradi. Balneologik kurortlarda tabiiy karbonat angidridli, vodorod sulfidli, radonli, yod-bromli, xlorid va natriyli tuzlari bo’lgan mineral buloq suvlaridan davo sifatida foydalaniladi. Balneoterapiya vrach bilan maslahatlashib, uning ko’rsatmalariga qat’iy amal qilgan holda, ko’pincha balchiq bilan davolash, iqlim bilan davolash va parhez kabi kompleks davo usullari bilan birga amalga oshiriladi. Karim Yo’ldoshev