BALG’AM KO’CHIRUVCHI DORILAR

BALG’AM KO’CHIRUVCHI DORILAR – yo’talganda balg’am ko’chishini osonlashtiruvchi dori moddalar. Ular bronxlar shilliq pardasi bezlari faoliyatini oshiradi yoki bronxlarning muskullari qisqarishini va nafas yo’llaridagi epiteley faoliyatini kuchaytiradi. Balg’am ko’chiruvchi dorilar bevosita va bilvosita ta’sir etuvchi dorilarga bo’linadi. Bevosita ta’sir etuvchi Balg’am ko’chiruvchi dorilarga o’zining ishqorlik xususiyati tufayli balg’amni yumshatishga yordam beradigan natriy bikarbonat (ichimlik soda), ichilganda bronxlar shilliq pardasi bezlariga ta’sir etib, balg’am ko’chiradigan terpengidrat hamda ba’zi efir moylari (masalan, anis moyi va boshqalar) kiradi. Bu dorilar ingalyasiya qilinganda (suv bug’i bilan nafas yo’llariga yuborilganda) ham, ichilganda ham balg’am yumshatishga kor qiladi. Bilvosita ta’sir etadigan Balg’am ko’chiruvchi dorilarga ba’zi dorivor o’simliklardan olinadigan moddalar (masalan, termopsis o’simligi damlamasi, quruq termopsis ekstrakti va boshqalar) kiradi. Bu moddalar faqat ichilganda kor qiladi. Balg’am ko’chiruvchi dorilar asosan yo’talib, balg’am ko’chishi qiyin bo’lgan o’pka kasalliklarida (zotiljam, bronxit va boshqalar) ichiladi. Har qanday hollarda ham Balg’am ko’chiruvchi dorilarni vrach ruxsati bilan ichish lozim. Aks holda turli asoratlarga sabab bo’lishi mumkin.