BANDIXON
BANDIXON — Surxondaryo viloyatidagi dara. Boysunsoy vodiysi Takasakiradi tizmasini kesib o’tgan joyda. Bandixonning uzunligi 10 — 12 kilometr, tagining eng tor joy 8 — 10 metr. Yon bag’irlari tik, Janub yon bag’rida ba’zan qiyaroq joylari ham uchraydi. Bandixon yon bag’irlari bo’r davrining gil, gips, ohaktosh, alevrolit jinslaridan, suvayirg’ich qismi paleogen ohaktoshlaridan tuzilgan. Ohaktosh jinslari qattiq bo’lganidan kam yemirilgan. Boysunsoy bu darada tor (4 — 5 metr) o’zanda oqadi. Boysun bilan Qumqo’rg’on shaharlari o’rtasidagi eng yaqin yo’l shu daradan o’tadi.
BANDIXON — qishloq. Surxondaryo viloyati Bandixon tumani markazi. Tuman hududining Janubi-g’arbida. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Qumqo’rg’ondan 30 kilometr, Termizdan 100 kilometr shimolda. Qishloq yaqinidan Oqqopchig’ay arig’i o’tgan. Aholi uchun ichimlik suvi magistral quvur orqali Xo’jaipok daryosidan keltiriladi. Aholisi asosan qishloq xo’jalik bilan shug’ullanadi. Bandixonda tarixiy-arxeologik yodgorliklar — Bandixontepa I, II, Kindiktepa, G’ozimullatepa, Yalangto’shtepa va yana bir Nomsiz tepa hamda Xonbandi to’g’oni qoldiqlaridan iborat majmua mavjud. Bular mukammal o’rganilmagan. Bandixontepa I shahar xarobasi bo’lib, maydoni 1,5 gektar; topilgan tosh uy qoldiqlari, sopol idish bo’laklari miloddan avvalgi 2 ming yillik oxiri va 1 – ming yillik boshiga oid. Bandixontepa II shahar xarobasining maydoni 10 — 12 gektar; undan topilgan paxsa devor qoldig’i, jom, xum va qadahlar miloddan avvalgi 650 — 450 yillarga mansub. Kindiktepa (maydoni 140 x 30 metr) va Fozimullatepa (maydoni 50 x 25 metr) dan topilgan moddiy madaniyat yodgorliklari Axomaniylar davri (miloddan avvalgi 558 — 330) ga to’g’ri keladi. Yalangto’shtepa shahar xarobasi (maydoni 10 gektar) dan topilgan terrakota g’aykalcha va idish-tovoq bo’laklari antik davr va ilk o’rta asrlarga oid. Nomsiz tepa o’rnida qandaydir mudofaa inshooti bo’lgan, deb taxmin qilinadi. Xonbandi to’g’oni 16 — 17 – asrlarda pishiq g’ishtdan qurilgan bo’lib, eni 30 — 35 metr keladi. Bandixon yodgorliklari O’zbekistonning me’morlik, hunarmandchilik va dehqonchilik madaniyati tarixini o’rganishda muhim ahamiyatga ega.