Shuhrat (1918-1995)
Sho‘ro davri o‘zbek adabiyotining taniqli namoyandalaridan biri shoir, nosir va dramaturg Shuhrat (G‘ulom Alimov) 1918 yil 19 aprelda Toshkentning Hazrati Imom (Xastimom) mahallasida hunarmand oilasida tug‘ildi. Eskicha va yangicha maktabda tahsil olgach, transport texnikumida o‘qiydi. Bu yerda Yunus Latif ta’sirida she’rlar yoza boshlaydi. So‘ng Toshkent Davlat pedagogika institutida tahsil oladi (1936—1940).
Ammo Shuhratning hayoti va faoliyati ancha sertashvish va notekis kechadi. 1937 yilning mudhish shamoli yosh Shuhratni ham chetlab o‘tmaydi. Uni: «Otangiz savdogarlik qilgan ekan. O‘zingiz kosibdan chiqmagan ekansiz, xotiningiz eskicha, jiyakli lozim bilan atlas ko‘ylak kiyib yurarkan, bolangiz esa beshikda yotibdi. Yaqinda xatna qilar ekansiz, turish-turmushingiz eskicha. Bu narsa she’rlaringizda ham aks etib turibdi»,— deb Yozuvchilar uyushmasidan haydashdi. Ikkinchi bor 50- yillar boshida «Usmon Nosirning propagandisti, Abdulla Qodiriy bilan Cho‘lpon kitoblarini o‘qigan va targ‘ib qilgan»likda ayblanib, besh yil Sibiru Shimoliy Qozog‘istondagi qamoqxonalarda o‘tirib keladi. «Jannat qidirganlar» romani nashr etilgach (1968), ayrim kimsalar uni millatchilikda ayblashga urinadilar. Yana tashvish ustiga tashvish keladi. Ustozi Abdulla Qahhor tufayli esa yana bir bor turtki yeydi. Shularning hammasi uning sog‘lig‘iga putur yetkazadi.
Shoir Yozuvchilar uyushmasining maslahat byurosida, nashriyotda muharrir bo‘lib ishlaydi.
O‘z ijodini 1935 yilda she’r yozish bilan boshlagan Shuhratning «Orzu va qalb» dostoni hamda «Mehri» doston-ertagi 1940 yili bosildi. Shu yili harbiy xizmatga chaqirilgan Shuhrat Ikkinchi jahon urushi janglarida ofitser lavozimida ishtirok etadi.
U urushdan keyin respublika gazeta va jurnallarida adabiy xodim bo‘lib ishlaydi. Shu yillarda uning «Hayot nafasi» (1947), «Qardoshlar» (1950) she’riy to‘plamlari nashr etiladi.
U umrining so‘nggi yillarida harbiy mavzuda «Farzand», «So‘lmas chechaklar», «Oqibatli kishilar» kabi rang-barang janrlarda asarlar yaratdi.
Yosh avlodning axloq-odobini, mehnatsevarligini, jangovar jasoratini, ozodlik va tinchlik uchun kurashgan ota-bobolarga munosib vorislar bo‘lib yetishganini iftixor bilan tasvirlovchi «Bizning ko‘cha», «Balog‘at» (1957—1958), «Quduq» (1973) asarlari yaratildi. Adibning «Sening sevging» (1961), «Ishqingda yonib» (1964) lirik kitoblari, «Kavkaz daftari», «Qiz tabassumi», «Buyuk muhabbat» kabi she’riy turkumlari, balladalarida vatan va inson, sevgi va muhabbat, qadr va qimmat, mehnat va mehnatsevarlik ulug‘lanadi.
Hayotiy voqealarni keng ko‘lamda tasvirlash ehtiyoji ijodkorni roman janriga undaydi. Ikkinchi jahon urushi frontlarida orttirgan katta hayotiy tajribasi asosida xalqimizning jangovar hayoti, qahramonligi, vatanparvarligi, qiyinchiliklarga bardoshliligi, kelajakka umidi haqida hikoya qiluvchi «Shinelli yillar» (1947—1957) asarini yaratadi.
Shuhratning «Oltin zanglamas» (1967) asarida ma’rifat sohibi — o‘qituvchi degan sharafli kasb ulug‘lansa, «Jannat qidirganlar» (1968) romanida vatangadolik fojealari o‘z badiiy ifodasini topgan. Shoirning hayot haqidagi falsafiy mulohazalari ifodalangan she’r va to‘rtliklardan iborat «Lirika» (1973) to‘plami, «Besh kunlik kuyov», «Qo‘sha qaringlar» komediyalari san’atkorning o‘zbek adabiyoti rivojiga qo‘shgan munosib hissasi bo‘ldi.
Uning ko‘pgina asarlari qardosh xalqlar va xorijiy tillarga tarjima qilingan.
U O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1986). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1978)dir.
G. Geyne, A.S. Pushkin, M.Yu. Lermontov, A.Mitskevich, T. Shevchenko, M.Voqif asarlarini, shuningdek, yapon va vetnam, ozarbayjon shoirlarining she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Vafotidan so‘ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2003).
Shuhrat 1995 yil 23 iyunda 76 yoshida vafot etgan.