Abbosiylar
Abbosiylar – arab xalifalari sulolasi [750-1258 (hijriy 132-656)], Muhammad (s.a.v.)ning amakilari Abbos avlodlari. Abu Muslim qo’zg’oloni natijasida hokimiyat tepasiga kelgan. Dastlabki poytaxti-Kufa shahri. Sulolaning 1-xalifasi-“Saffoh” (“Xunrez”) laqabi bilan mashhur Abulabbos Abdulloh. 2-xalifa Saffohning ukase Abu Ja’far Mansur (754-775) Bag’dod shahriga asos solib, poytaxtni shu yerga ko’chirgan. Abbosiylar hukmronligining dastlabki yillarida mulkchilik munosabatlari o’sib, savdo-sotiq rivojlangan. Bag’dod Sharqning yirik savdo markaziga aylangan, ilm-fan ravbaq topib, falsafa, matematika, tabiiyot va boshqa fanlarga oid ko’plab asarlar yaratilgan. Andalusiya (Ispaniya)dan tashqari butun musulmon mamlakatlari-Mag’rib, Shimoliy Hindiston, Movarounnahr Abbosiylar qo’li ostida bo’lgan. Bular xalifalikning iqtisodiy negizini, siyosiy va harbiy qudratini mustahkamlagan. Ayniqsa, Horun ar-Rashid va uning o’g’li Ma’mun zamoni sulolasining gullagan davri bo’lgan. 9-asrning 2-yarmidan Abbosiylar xalifaligi zaiflasha boshlagan. Afrikada ag’labiylar, Misrda tuluniylar, Xuroson va Movarounnahrda somoniylar Abbosiylar xalifaligidan ajralib chiqqan. 10-asrga kelib faqat Bag’dod va uning atroflarida siyosiy hokimiyat Abbosiylar qo’lida saqlanib qolgan. Harbiy kuchlr turk sarkardalari qo’liga o’tib ketgan. Ular xohlagan vaqtlarida xalifalarni almashtira olgan. 10-asr o’rtalariga kelib Abbosiylar siyosiy hokimiyatni tamoman qo’ldan boy berib, nomigagina musulmonlarning diniy xalifasi bo’lib qolgan. Erondagi buvayhiylar (945 yil) Bag’dodni o’z qo’liga olgan, lekin ular Abbosiylarning mavqei bilan hisoblashgan. Bag’dod saljuqiy-sunniylar tomonidan bosib olingandan keyin Abbosiylar siyosiy hukmronligi qisman tiklangan va dinning mavqei mustahkamlangan. 1258 yil mo’g’ullar Bag’dodni vayron qilib, Abbosiylarni tamoman tor-mor keltirgan. Mo’g’ul xoni Huloku buyrug’i bilan Abbosiy xalifalarning so’nggisi-Musta’sim qatl etilgan. Abbosiylar sulolasining qolgan vakillari esa Misrga qochgan. Mamluk sultonlari davrida (turklar 1517 yil Misrni olgunga qadar) Abbosiylar Qohirada muqaddas kishilar sifatida yashab kelgan. 1261 yil mamluk sultoni Beybars Abbosiylardan biri al-Mustansirni xalifa deb e’lon qilgan. 1517 yil Abbosiylarning avlodi Mutavakkil III Istanbulga keltirilgan va u diniy rahnamolik huquqini turk sultonlariga topshirgan. Abbosiylardan 37 kishi xalifa bo’lgan. Ular quyidagilar: 1) Saffoh; 2) Mansur; 3) Mahdiy; 4) Hodiy; 5) Horun ar-Rashid; 6) Amin; 7) Ma’mun; 8) Mu’tasim; 9) Vosiq; 10) Mutavakkil; 11) Muntasir; 12) Musta’in; 13) Mu’tazz; 14) Muhtadiy; 15) Mu’tadiy; 16) Mu’tazid; 17) Muktafiy; 18) Muqtadir; 19) Qohir; 20) Roziy; 21) Muttaqiy; 22) Mustakfiy; 23) Mute’; 24) Toi’; 25) Qodir; 26) Qoim; 27) Muqtadiy; 28) Mustazhir; 29) Mustarshid; 30) Rashid; 31) Muqtafiy: 32) Mustanjid; 33) Mustazi’; 34) Nosir; 35) Zohir; 36) Mustansir; 37) Musta’sim.