Din, madaniyat va san’at
VII asrda Samarqandda bo’lgan sayyohlar uning aholisi savdo-sotiqqa mohir ekanligini, shaharga ko’plab ajnabiylar savdo qilish uchun kelib turganliklarini ta’kidlaydilar. VII asrning 30-yillarida So’g’dga kelgan Syuan-Tzyanning yozishicha, Samarqandga turli mamlakatlardan qimmatbaho mollar keltirib turilgan.
V-VII asrlardagi So’g’d aholisining diniy e’tiqodlari haqida yozma manbalarda ma’lumotlar bor. Tarixiy solnomalarga ko’ra, Zarafshon vodiysidagi mahalliy aholi Des ruhiga sig’inar ekan. Uning ruhini Kaspiy dengizidan sharq tomondagi territoriyada yashaydigan aholi hurmat qilardi. “Har kuni uning uchun besh tuya, o’n ot va yuz qo’y qurbon qiladilar. Qurbonlik qiluvchilarning soni ba’zan 1000 kishigacha yetib qoladi”. Aftidan, Des So’g’dda asosiy xudolardan biri bo’lgan. Samarqandda ajdodlar ibodatxonasi bo’lib, bu yerdagi butga ham qurbonlik qilingan. Boshqa joylarning egalari ham qurbonlikda qatnashishgan. Samarqanddagi hukmron sulola ajdodlarining ibodatxonasi ham shu yerda bo’lgan degan taxmin bor.
So’g’dda jasadlarni alohida binolar-nauslarga qo’yiladigan loydan yasalgan tobutlar-ossuriylarda dafn qilish odati keng tarqalgan. Afrosiyobning g’arbiy qismida, Panjikentda va O’rta Osiyoning boshqa ko’pgina rayonlarida murdalar ana shunday dafn qilinganligi aniqlandi; bu esa (735-739) umoviylarga qarshi Movarounnahrda boshlangan o’tga sig’inish bilan bog’liqdir. VI asrning boshida Samarqandda yepiskop boshchiligida xristian-nestorian jamoasi hukm surgan, VII asrda esa bu yerga mitropolit tayinlangan. Ma’lum darajada buddizm mavjud bo’lganligi xususida turli fikrlar bor. Syuan-Tzyan Samarqand aholisi buddaga sig’inmaganligini, u yerda mavjud bo’lgan ikki monastir qarovsiz yotganini qayd qiladi. Mahalliy aholi budda dinidagi sayyohlarni monastirlarga qo’ymaganlar, ularni chala kuygan tayoq ko’tarib haydaganlar. Ayni bir vaqtda O’rta Osiyoning janubiy rayonlarida buddizm o’z ta’sirini saqlagan.
Manixeychilik ham keng tarqalgan bo’lib, Samarqand uning markazlaridan biriga aylangan.
Badiiy hunarmandchilik turlaridan qimmatli metallar – kumush, oltin, bronza va shu kabilardan buyumlar tayyorlash ancha rivoj topgan.
O’rta Osiyoda ulkan arxeologik tadqiqotlar o’tkazilib, yirik rassomlik asarlarining qoldiqlari topilganga qadar, bu yerdagi torevtlarning deyarli barcha asarlarini tadqiqotchilar Sosoniylar Eroni san’atiga mansub deb hisoblardilar. Yangidan o’tkazilgan arxeologik qazishmalar natijasida ayrim topildiqlar O’rta Osiyo san’ati asarlari deb e’tirof qilindi.
Afrosiyob, shuningdek, Bolaliktepa, Panjikent, Varaxsha rassomligida oltin va kumush qadahlar, kosalar, tovoqlar va boshqa idishlarning tasviri uchraydi. Samarqand ostidagi VI-VII asrlarga oid binolarning ichida qazishma ishlari olib borilgan vaqtda ajoyib kumush tovoq topildi: bulardan ikkitasini eftalitlar, bittasini Sosoniylar san’ati asariga kiritish mumkin.
Oltin va kumush ashyolarning bir qismi Samarqandga savdo-sotiq buyumlari sifatida keltirilgan, lekin ko’pgina buyumlar mahalliy ustalar tomonidan tayyorlangan. Tasvirlar orasida amaldorlar va shahzodalarning yovvoyi hayvonlar, qo’ylar, echkilar va shu kabilarni ovlash lavhasi aks ettirilgan buyumlar ayniqsa keng tarqalgan edi. Ba’zan mahalliy mo’yqalam ustalari boshqalar syujetini o’zlashtirib olar va ularni o’zgartirib, Sosoniy shohlari o’rniga o’zlariga xos kiyimda mahalliy hokimlarni ko’rsatar edilar. Chunonchi, Ermitajda saqlanayotgan kumush tovoqda o’ziga hujum qilib kelayotgan sherga yoydan o’q uzayotgan so’g’d suvoriysi tasvirlangan. Tovoqning pastki qismida, ot oyog’i ostida yoy o’qi teshib o’tgan yovvoyi cho’chqa yotibdi. Xuddi ana shu tasvirni 1927 yilda Kirov oblastida topilgan kumush tovoqda ham ko’ramiz. Unda Shopur II ning sher ovi ko’rsatilgan.
Perm guberniyasidagi Kulagish qishlog’i yaqinida topilgan va VII asrning oxiridagi so’g’d san’ati asarlariga mansub bo’lgan ikkinchi tovoqda ikki piyoda jangchining olishuvi tasvirlangan. Bu lavha Firdavsiyning “Shahnoma” dostoni epik motivlari bilan bog’langan bo’lsa kerak.
Tabariyning hikoya qilishicha, Samarqandda shunday bir odat hukm surganki, bunga ko’ra, yilning muayyan davrida So’g’dning eng jasur pahlavoni uchun maydonda noz-ne’mat va sharob solingan hurmacha qo’yilgan dasturxon yozilgan. Ana shunday nomga da’vogar bo’lgan jangchi noz-ne’matga qo’l urishi lozim edi. Bu esa uning ilgari yuksak nomga sazovor raqibini o’ldirgan jangchi mamlakatda yangi da’vogar chiqqunga qadar eng dovyurak pahlavon hisoblanardi.
Yuqorida tilga olingan tovoq Tabariy hikoyasiga guvoh bo’la oladi. Unda bir xil kiyimdagi ikki jangchining bellashuv payti tasvirlangan. Ular turli xil qurollar – qilich, to’qmoq bilan jang qiladi, mana qilich parchalari ularning oyoqlari ostida, qalqonlari yaroqsiz bo’lib qolgan. Kurash hayot tajribasi va jangovar uquvi ko’proq bo’lgan kattaroq yoshdagi jangchi g’alabasi bilan tugaydi. U raqibini yoy o’qi bilan o’ldiradi, uning raqibi otgan nayza esa So’g’dning eng kuchli pahlavoni nomini olgan bahodirning yonidan o’tib ketadi. Bu tovoq, shubhasiz, so’g’d torevtinign ijodidir.
Tovoqlarda ko’pincha amaldorlarning o’ziga yaqin kishilari, xizmatkorlari orasida dam olayotgan payti ko’rsatilgan tasvirlar uchraydi. Ko’pgina lavhalar afsona va epos bilan bog’langandir. Tovoqlarga rasm solish va bezak berishda marvarid donalarini doira shaklida chizish eng chiroyli motiv bo’lib, ularning o’rtasida yovvoyi hayvonlar, qushlar, afsonaviy hayvonlar tasvirlanardi. Bu xususiyatlar ilk o’rta asrdagi Sharq san’ati uchun xarakterlidir. Bunday badiiy asarlar yaratilgan joy to’g’risida faqat kiyimlar, antropologik tip, ayrim ramzlar, ba’zida portretning o’xshashligiga qarabgina fikr yuritish mumkin.
Torevtlar yaratgan asarlar feodal va oqsuyaklarning ehtiyojlarini qondirish uchun foydalanilar, keng xalq ommasining ma’naviy talablarini qondiradigan buyumlar esa sopoldan yasalgan san’at asarlari – idishlar, terrakotadan qilingan haykalchalar, gulli idishlar hisoblanardi. Terrakotadan yasalgan buyumlar ma’lum davrni, uning afsonalari, miflari diniy qarashlarni aks ettirar, ko’pincha bolalar uchun o’yinchoq hisoblanardi. Bir xil haykalchalar gildan yasalib, humdonlarda pishirilgan, ayrimlari esa maxsus qoliplarda ko’plab tayyorlangan. Terrakotadan yasalgan ba’zi buyumlar aralash yo’l bilan, ya’ni loydan yasash va qoliplash orqali bajarilib, bu qoliplarda ularning eng muhim qismining, kalla va hokazo izi olinar edi.
Afrosiyobda terrakotadan yasalgan bir necha yuz, turli-tuman haykalcha topilgan bo’lib, uning asosiy qismini so’g’d-turk haykalchalari tashkil qiladi. Bunday haykalchalarni ikki gruppaga bo’lish mumkin. Birinchi gruppaga ancha g’alati qiyofadagi: ko’zlari halqasimon qilib berilgan, katta og’izlari timdalangan, ko’pincha burni katta qilib ishlangan odam tasviri kiradi; bundan tashqari, ot mingan tasvirlar ham bor; ikkinchi gruppaga qolipda tayyorlangan haykalchalar kiradi. Bunda nafis qilib tarashlangan chehralar tasvirigina qolipda tayyorlangan. So’nggi yillarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar ma’lumotlariga ko’ra, bu buyumlar tayyorlangan davr V-VIII asrlarga to’g’ri keladi.
Ehtimol, ayrim hollarda V-VIII asrlardagi haykalchalar tayyorlovchi ustalar o’zlaridan oldingi vaqtlarda tayyorlangan qoliplardan foydalangan yoki o’sha paytdagi badiiy asarlarni qaytadan yaratgan bo’lishlari mumkin. Sxematik, soda tarzda yasalgan figurachalarning bosh hajmi gavdagiga mos bo’lmaganligini ko’pincha ana shu bilan izohlash mumkin. Figurachalar qo’lida cho’qmor, muzika asbobi ushlagan, ba’zida qo’llari ko’kraklariga qo’yilgan yoki qo’llari bilan biqinlariga tayanib turgan holda tasvirlangan.
To’qmoqlar bilan qurollangan otliq jangchilarni tasvirlaydigan bir tipdagi terrakotalarning alohida guruhi boshqalaridan ajralib turadi. Bunda jangchining tasviri alohida qolipda bosilgan, oti esa qo’lda yasalgan. Jangchilarning yuz tuzilishi yevropaliklar va mongollarga o’xshaydi. Buyumlar mahalliy ustalarning o’zlari tayyorlagan nusxalar asosida yasalgani uchun ham ularning boshi bilan gavdasi bir-biriga ancha mos bo’lib chiqqan. Yevropaliklarning yuz tuzilishi orqali so’g’d jangchilari, mongol tipidagi yuz tuzilishi bilan esa turk jangchilari tasvirlangan deb taxmin qilinmoqda.
Andazalar va terrakotadan qilingan ba’zi bir plitachalar V-VIII asrlarga to’g’ri keladi. Andazalarda erkak va ayol xudolari, masalan, oy va boshqa xudolar, sopollarda esa shohlar va ov lavhalari tasvirlangan. 1966 yilda topilgan Afrosiyobda topilgan va terrakotadan qilingan plita bo’lagi diqqatga sazovor bo’lib, unda otda yelib borayotgan chavandoz tasvirlangan. Mazmun jihatidan bu surat So’g’dning kumush tovoqlaridagi tasvirlari (Varaxsha, Panjikent), rasmlariga o’xshab ketadi.
Terrakotalar orasida odam kallasini yoki butun figurani tasvirlovchi katta idishlar ajralib turadi. Bunda ko’pgina detallar qo’lda qilingan. Ossuariy qopqoqlarida odam kallasining tasviri berilishi ayniqsa qiziqarlidir.
Shunday qilib, eftalit-turk koroplastikasida buyumlar tayyorlash san’ati va usullarining turli-tumanligi ko’zga tashlanadi. Terrakotadan yasalgan buyumlarda yangi xususiyatlar muvozanatdan chetlash, hajmning kattalashishi, holatning erkinligi, ayniqsa, terrakotadan qilingan plitalardagi kompozitsiyalarda yaqqol ko’rinadi.
So’g’d terrakotalarining ko’pi O’rta Osiyoning boshqa rayonlaridagi ana shunday buyumlardan farq qiladi. Bu o’rinda so’g’dda ko’p asrlar davomida qaror topgan ma’lum badiiy maktab haqida gapirish mumkin.
Keyingi yillardagi arxeologik ishlar So’g’d hunarmandchilik ishlab chiqarishi yaxshi rivoj topgan markazlardan bo’lganligini ko’rsatib berdi. Afrosiyobda VI-VIII asrlarda bunyod etilgan binolarni qazish vaqtida shisha idishlar va shishadan qilingan boshqa buyumlarning juda ko’p bo’laklari topildi.
Afrosiyobda, shuningdek, temir buyumlar tayyorlangan bino ham topildi. Metall buyumlar yasaladigan ishxonalar uy-joy komplekslaridan bir oz chetda joylashgan. Temirchilik o’choqlari, maxsus sopol vannachalar, quyish qoliplari mehnat quroli bo’lib xizmat qilgan.
Hunarmandchilik ustaxonalari asosan shahar chekkasidagi rabotlarda joylashib, ular Samarqandda arablar istilosiga qadar ham mavjud bo’lgan.
Ixtisoslashtirilgan hunarmandchilik ishlab chiqarishining mahsulotlari ichki bozor uchungina talab qilinmay, shu bilan birga xalqaro savdo buyumlari bo’lib ham xizmat qilgan.
Sopol buyumlar tayyorlash hunarmandchilik ishlab chiqarishining keng tarqalgan turi bo’lgan. O’sha davrdagi sopol buyumlar juda xilma-xil: chetlari to’lqinsimon kosalar, likopchalar, tovoqchalar, tanasining o’rta qismida ilmoqsimon dastali krujkalar shaklida bo’lgan. Krujkalarning tanasi ham turli shaklda – tsilindrik bo’yni ajralib turgan, to’lqinsimon qirralar bilan ishlangan.
Noksimon tanali og’izli ko’zalar, tor og’izli va uchburchak shaklidagi chumagi, tanasining o’rta qismida dastasi bo’lgan ko’zalar ko’plab ishlangan. Ba’zan bunday ko’zalarga shaffof-slyuda surilgan. Bu esa sopol idishlar metal idishlarga taqlid qilib tayyorlanganini ko’rsatadi.
Boshqa sopol idishlar ham shakl jihatidan metal idishlarini eslatadi. Bunday idishlar arzon bo’lib, zodagonlar oilasida emas, balki aholining barcha tabaqalarining uylarida ham keng ishlatilgan.
Qo’pol tarzda qo’lda ishlangan idishlar – gilga ko’p miqdorda yirik qum, mayda shag’al (idish siniqlari) va shamot (mayda shag’al) aralashtirib tayyorlangan tagi yassi va dumaloq turli hajmdagi qozonlar, xurmalar, kosalar ham bo’lgan. Idishlar xo’jalik va ro’zg’or ishlari uchun mo’ljallangan bo’lib, ular maxsus ustaxonalarda emas, balki uyda tayyorlangan.
Sifatli gildan tayyorlanib, so’ngra pishirilgan yirik idishlar-xumlar ham xo’jalik ehtiyojlari uchun xizmat qilgan. Xumning balandligi qariyb 1 metr. Ayrim hollarda xumning yuqori qismi timdalangan yoki o’yib ishlangan naqsh bilan bezatilgan. Xumlarda don va boshqa mahsulotlar, shuningdek, suv saqlangan. Kichik xumlar – shakl jihatidan dumaloqroq va bo’yi past bo’lgan xumchalar ayniqsa keng qo’llanilgan. Ular ixtisoslashtirilgan sopol ustaxonalarda tayyorlangan.
Kulollar sopol idishlardan tashqari, bir tomonida pilik uchun cho’zinchoq burunchasi bo’lgan dumaloq yog’chiroqlar, shaqildoqlar, hamyonlar, suzgichlar, kuldonlar va ro’zg’orda ishlatiladigan boshqa buyumlarni ham tayyorlaganlar.
Koraplastlar terrakotadan tayyorlangan haykalchalarni sopol pechlarda pishirgan. Maxsus ustaxonalarda ossuariylar va g’isht pishirilgan. Pishiq g’isht pollarning tagiga qo’yish uchun va idish tagliklari sifatida ishlatilgan.
Qimmatbaho metallardan idishlar yasash bilan bir qatorda, zodagonlar tabaqasi uchun badiiy buyumlar – oltin taxtlar, dabdabali soyabonlar, hayvonlar va odamlarning tasviri bilan bezatilgan taxtiravonlar ishlangan.
Afrosiyobda rasmlar hunarmandchilik ishlab chiqarishining boshqa tarmoqlari, so’g’dlarning qurol-yarog’lar tayyorlashi haqida fikr yuritish imkonini beradi. Kalta xanjarlar dehqonlarning quroli bo’lib xizmat etgan, ular kamarning o’ng tomoniga taqib yurilgan. Xanjarlar dastasi yovvoyi qush kallasining tasviri bilan bezatilgan. Oltin va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan qinli to’g’ri uzun qilich chap tomonga taqilgan. Cho’qmorlar ham ishlatilgan. Keyinchalik bunday cho’qmorlar pahlavon jangchilargagina xos qurol bo’lib qolgan. Ularda tasvirlangan buqa kallasi kuch-qudrat ramzi hisoblangan. Cho’qmorlar bilan Sosoniy va eftalitlar qo’shinlarining otliq askarlari qurollangan.
Harbiy sohada yoy katta ahamiyatga ega bo’lgan. Afrosiyobdagi rasmlarda yoylar qoplon terisidan tortilgan g’iloflarda tasvirlangan.
Rasmlardagi kiyimlarning bezagi xilma-xil va boy. Bu yerdan to’qish stanoklarining ip yigirish va cho’kich asboblari ko’plab topildi. Bu, kiyim-kechaklarni mahalliy ustalar tayyorlaganidn dalolat beradi.
Xalqaro savdo aloqalari va hunarmandchilik ishlab chiqarishining kengayganligi pul muomalasining rivojlanishiga yordam berdi. Samarqandda eftalitlar davrida zarb qilingan kumush, shuningdek, sosoniylar va xitoylarning tangalariga taqlidan ishlangan tangalar topildi. Savdo-sotiqning rivojlanganligi tufayli Samarqand ilk o’rta asr Sharqida eng yirik iqtisodiy va madaniy markazlardan biriga aylandi.
Afrosiyobda ilk o’rta asr qatlamlari yotgan maydon so’g’d hujjatlarida va arablarning tarixiy-geografik adabiyotida tilga olingan yirik shaharlaridan biri bo’lgan Panjikent maydonidan kattadir.
Panjikent iqtisodiy va siyosiy jihatdan Samarqandga bog’liq edi va feodal tarqoqligi davrida ham aftidan shahar erkin bo’lmagan. Bu shaharda topilgan tangalarning ko’pi Samarqandda zarb qilingan.
Afrosiyob va Panjikentda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar asosida shunday xulosa chiqarish mumkinki, So’g’d shaharlarini qurish birato’la uy-joy massivlarini barpo etish yo’li bilan olib borilgan bo’lib, bunda ko’chalar birlashtiruvchi omil sifatida xizmat qilgan. Ko’chalar tor bo’lib, shahar darvozalaridan shahar markaziga tomon cho’zilib ketgan. Ko’chalarda joylashgan uylarga, shu jumladan, savdo-sotiq qilinadigan imoratlarga yondosh qilib yangi, ba’zan ikki va uch qavatli binolar qurilgan. Imoratlarning yuqori qavatlariga panduslar yoki narvonlar bilan chiqilgan. Yangi imoratlar xonalar va hatto butun bir kompleks xonalar hisobiga barpo etilib, natijada yirik uy-joy massivi vujudga kelgan. Xuddi ana shunday massivlarning har birida katta zallar bo’lgan. Ba’zida uy-joy massivlari bir-biriga qo’shilib ketgan. Faqatgina shahar markazidagi ibodatxonalargina alohiga joylashgan edi.
Aftida, Afrosiyobda uy-joylar qurish ham shu tariqa olib borilgan bo’lib, bu yerda 100-120 kvadrat metr keladigan bir necha zal aniqlandi. Bunday zallarning usti turli usulda tekis qilib yopilgan. Uzun to’sinlar bevosita devorlarning ustiga qo’yilgan, kalta to’sinlar esa ustunlar yordamida mahkamlangan. Afrosiyobdagi zallardan birida ustunlar to’sinlarning uchlariga qo’yilgan va yarim holda devor ichiga kiritib suvalgan. AYrim zallarda devordan 2 metr chamasi oralatib 4 tadan ustun qo’yilgan. Ularning yuqori qismlari to’sinlar bilan mahkamlangan. To’sin qo’yishning bunday usuli qisqa ustunlardan ham foydalanish imkonini bergan. Kengligi 3,5 metrdan oshmagan kichik uylar, yo’laklarning cheti xom g’ishtdan terib chiqilgan gumbaz shaklida yopilgan. Paxsa devorlar va uzunligi o’rta hisobda 50 santimetr, kengligi 25 santimetr va qalinligi 9-10 santimetr keladigan uzunchoq xom g’isht zamonda asosiy qurilish materiali bo’lib xizmat qilgan.
Afrosiyobdagi imoratlarning devorlari ba’zan bir ikki qator g’isht bilan aralshtirib terilgan, asosan esa paxsadan qilingan. Bu devorlarning yuqori qismiga g’isht terilgan. Ba’zi hollarda devorlar nuqul g’ishtdan terilib, loy bilan suvalgan. Ana shunday devorlar bo’ylab kengligi 1 metr va balandligi 50 santimetr keladigan supa qilingan. Devorlar somon suvoqdan chiqarilgach, yaxshi pishitilgan loy bilan puxtalab artilgan va keyin ganch suvoq qilingan. Ularning ayrimlarida rasmlar saqlanib qolgan. Eshiklar ustidagi ravoqlar g’ishtdan terilgan. Devorlarda qoldirilgan teshiklar yog’och eshik, ba’zan esa gilamlar bilan yopilgan bo’lsa kerak. Shipda qoldirilgan tuynuk yoki devorlarning yuqori qismlaridagi tirqishlar orqali uyga yorug’lik tushgan. Shiplar, karnizlar, eshiklar, taxtiravonlar yog’ochdan yasalgan. Ularning sirti o’yma naqsh bilan bezatilgan. Buni yong’indan kuygan imoratlarning yuqori qismi, so’ngra saqlanib qolgan yog’och bo’laklarida ko’rish mumkin. Boshqa yog’och buyumlarni termitlar-qirchumolilar yo’q qilib yuborgan yoki chirib ketgan.
Afrosiyobda hozircha yog’ochga o’yib naqsh solib ishlangan bir zal qazib topildi. Usti kuygan naqshning bir qismi saqlangan, unga gular, o’simliklaning naqshlari, odam tasviri chizilgan.
Qasrlar va saroylarni bezashning asosiy turlaridan biri devorlarga surat solish bo’lgan. Devorlardagi suratlar bizni ilk feodal jamiyatning turmushi, madaniyati, dini, mifologiyasi va kundalik hayoti bilan tanishtiradi.
1965 yilning bahorida Afrosiyobda olib borilgan qazishma ishlari vaqtida ochilgan devordagi suratlar arxeologlar uchun kutilmagan bir voqea emas edi. 1903 yilning bahoridayoq V.L.Vyatkin Afrosiyobda qazishma ishlari o’tkazgan vaqtida devorga solingan suratning yaxshi saqlanmagan parchalarini aniqlagan. Afsuski xodimlarning bu rasmlarni buzilishdan saqlash (konservatsiya) usulini bilmaganligi oqibatida u yetib kelmagan. Suratli suvoq qurib qolib to’kilgan, lekin undan nusxa olib qolingan. Devorda odam figuralari tasvirlangan bo’lib, ular tagidan esa yo’l-yo’l qilib naqsh berilgan.
1961 yili Afrosiyobda o’rta asrlardagi xumdonlarni qazish vaqtida devorga ishlangan naqsh bo’laklari topildi. 1963 yilda Jome machit rayonida suratlar chizilgan devor (naqshinkor hoshiya). 1965 yilning bahorida devorlariga rasmlar solingan yana olti imorat ochildi. Birinchi bo’lib qazilgan zalning faqat shimol tomonidagi devorgagina surat solingan. Unda taxtiravon tagida o’tirgan erkak va ayol tasvirlangan bo’lib, qo’llarida olov yonib turgan kosalar bor. Ularning har ikki tomonida xizmatkorlar turibdi. Qolgan uch devor oq rang (ganch)ga bo’yalgan. Yagona karniz ikki tovus surati bilan bezatilgan. Tovuslar meva solingan kosaga qarab turibdi, ular tagida naqshli hoshiya bor.
Ikkinchi zalning yarmi ochildi. Undagi suratlar yaxshi saqlangan. Uchinchi zaldan juda ajoyib naqsh bo’laklari topildi. Qolgan uch zalda suratlarning borligi aniqlandi, lekin ular ochib ko’rilmadi.
1965 yilda V.A.Shishkin rahbarligida shaharning ikkinchi devoridan sharq tomon ko’hna shaharning markaziy qismida katta arxeologik qazish ishlari olib borildi. Bu yerda X-XI asrlardagi kulollarning uylari joylashgan (juda ko’p xumdonlar, shuningdek, sug’orish uchun ishlatiladigan sopol buyumlar tayyorlangan imoratlar aniqlandi).
Ana shu imoratlar ostida VI-VII asrlarda yaxlit shahar qurilishining katta kompleksi aniqlandi. Ulkan turar-joy binosi yoki saroy kompleksi bo’lgan zallardan biridagi suratlar ancha to’la saqlangan. Uning uzunligi va kengligi ham 11 metr. Uyning devorlari paxsadan urilgan bo’lib, somonli loy bilan suvoq qilingan va yaxshi ivitilgan loy bilan yupqa qilib artilgan. Ko’pincha devorlarning sirti oq rangli tuproq (ganch) bilan qayta bo’yalib, rassomlar ana shu tayyor suvoqqa surat chizishgan.
Chunonchi, katta zalning to’la ochilgan janub tomonidagi devorning sharqiy qismidagi kechik piramida shaklida shartli tarzda (tomoshabindan) chap tomonga, qasrga qarab borayotgan tantanali yurish marosimi ko’rsatilgan. Oldingi qatorda zeb berib bezatilgan chakmon kiygan to’rt erkak kishi tasvirlangan. Surat to’la saqlanmagan: figuralarning belidan bir oz pastki qismi buzilgan. Asta-sekin qadam tashlayotgan oq fil tantanali yurishni boshlab bormoqda. Uning xartumi o’ralgan, tishlari oldinga chiqib turibdi. Filning bo’yniga osib qo’yilgan qo’ng’iroq va abzaliga mahkamlangan og’ir ko’k popuklar ohista silkinib bormoqda. Filning usti marvarid donalaridan bezatilgan jul, ular o’rtasida qanotli sher tasvirlangan.
Suratning yuqori qismida saqlangan kichik bo’laklarga qarab fikr yuritilsa, fil ustidagi taxtiravonda oqsuyak ayol o’tirardi. Taxtiravondan faqat bitta orqa ustuncha saqlanib qolgan bo’lib, xonimning orqa tomonida, o’tirgan holda tasvirlangan xizmatkor ayol o’zi uchun maxsus ajratilgan joyda ana shu ustunchani uslab o’tirgan. Fil ketidan otga mingan uch ayol kelyapti. Bu otliq ayollardan birinchisining tasviri to’liq saqlangan. U oyoqlarini bir tomonga qo’yib, to’q ko’k rangdagi otda o’tiribdi. Mo’jaz etikcha kiygan ayolning chap oyog’i uzangiga qo’yilgan, tizzasidan buklangan o’ng oyog’i esa chap oyog’i tagida. Ayol uzun yengil shoyi kuylak kiygan, uning tizzasigacha keladigan yuqori qismi qizil, juda ko’p burmali mo’jaz qora etiklarga tushib turgan uning pastki qismi sariq rangda. O’ng yelkasi va ko’kragi orqali tasma bog’lagan. Ayol yugan ushlagan chap qo’lining ortida aniq so’g’dcha yozuv saqlangan bo’lib, uning bir so’zi “malikaning yaqini” degan ma’noni anglatadi.
Sariq otda borayotgan ikkinchi ayol ham xuddi birinchi ayol ko’rinishida tasvirlangan. Otning yugani uning o’ng qo’lida. U qizil tasma o’tkazilgan oq ko’ylak kiygan. Ayolning boshi va yelkalarining tasviri deyarli satlanmagan.
Qizil otga mingan uchinchi ayol tasviri yaxshi saqlanmagan. Yana ham yuqoriroqda, xuddi to’rtinchi planda devorning butun uzunasiga ham otlar tasvirlangan bo’lib, ularning faqat oyoqlari surati saqlangan. Devorning pastki qismida kengligi qariyb 0,5 metr bo’lgan naqsh chizilgan.
Ayollar ketidan tuyaha mingan ikki erkak boryapti. Qorachadan kelgan birinchi erkak katta yoshda bo’lib, soqoli va mo’yloviga oq tushganligi yaqqol sezilib turibdi. Uning o’siq quyuq qoshlarigacha ham oq. Qoramtir yuzida qovoqlari botiq, ko’k ko’zlari yorqin ko’rinadi. Sochlari oq bog’ich bilan bog’langan. Chap qulog’ida zirak bor. U o’ng qo’lining ikki barmog’i bilan qal’ani ko’rsatyapti. Chap qo’lida uchiga hayvon boshi ishlangan cho’qmor. Ustiga qizil chakmon kiygan. Yelkasiga tashlagan sariq yengsiz kiyim shamolda hilpiraydi.
Ikkinchi erkak yosh, rangpar yuzli, qora soqolli va ingichka mo’ylovlidir. Qora sochlari qizil bog’ich bilan tortilgan. Birinchi erkak kishi singari uning yuz tuzilishi ham yevropaliklarnikiga o’xshaydi. Katta qirg’iy burunli, og’zi kichik bu kishining o’ng qo’lida sariq (oltin) cho’qmor bor. Ikkala erkak ham uzun qilich bilan qurollangan bo’lib, kamarning chap tomonida osilib turibdi. Ularning belbog’lariga kalta xanjar osilgan bo’lib, dastalarida yovvoyi qushlar boshining tasviri solingan.
Tuyalar jigarrang, birinchisining ustida fillarning surati solingan kunguralar bilan bezatilgan doirasimon jul bor.
Keyingi guruhlar uchun ham ana shunday tasvir xarakterlidir. Birinchi qatorda jul bilan yopilgan ko’k ot bo’lib, uning oyoqlarida rang-barang bog’ichlar hilpirab turibdi, quyuq qora soqolli erkak otni yuganidan ushlab kelyapti. Uning yuzida og’zi va burnini berkitib turuvchi ro’mol bor.
Ot tepasida to’rtta oq qush tasvirlangan bo’lib, ularga so’g’d so’zlari yozilgan. Qushlarning biriga katta-katta qilib “oyoq” so’zi yozilgan, ikkinchisida u ko’p marta takrorlangan, lekin yaxshi saqlanmagan. Yosh yigit qushlarni haydamoqda. Uning sochlari kokilcha qilib o’rtalgan. Yuzida esa otni yetaklab kelayotgan erkaknikiga o’xshah ro’mol bor. Shunga o’xshash tasvirlar kumush tovoqlarda ham uchraydi.
Uchinchi planda rasmning eng yuqori qismida ilgari gapirib o’tilgan bir to’da otliqlar ko’rsatilgan. Lekin suratdagi ot oyoqlarining tasvirigina saqlanib qolgan. Bu guruh ketidan oq qushlar, aftidan, g’ozlar tasvirlangan doiralar bilan bezatilgan qizil chakmon kiygan chavandoz sariq otda kelyapti. Uning kamarida qinli qilich va qoplon terisidan tortilgan yoy g’ilofi. Erkakning figurasi beligacha bo’lak-bo’lak tarzda saqlangan. Otning qora dumi o’rta qismidan bog’ich bilan bog’langan; uning oyoqlarida ham bog’ichlar bor, bir oyog’ida so’g’d yozuvining izlari hamda eftalit va arab xatining qing’ir-qiyshiq yozuvlari bor.
Bu otliq kompozitsiyadagi asosiy shaxs bo’lib, delegatsiya boshlig’iga o’xshaydi, uning qiyofasi qolganlarga qaraganda ikki marta katta bo’lib, bu bilan rassom uning yuqori martabali kishi ekanligini ta’kidlagan. Asosiy qahramonni ana shunday ajratib bo’rttirib ko’rsatish usuli Sharq san’ati uchun xarakterlidir.