XVI asr – XIX asrning birinchi yarmida Samarqand. Shayboniylar Samarqandda

XV asrning oxirida ko’p sonli Temuriy sultonlari o’rtasida Samarqand taxtini egallash uchun shiddatli kurash ketdi. Bir necha yil cho’zilgan bu kurash mamlakatning iqtisodiy ahvoliga halokatli ta’sir ko’rsatdi. Poytaxt shahardan ayrilib qolishdan xavfsiragan Samarqand hokimi Sulton Boysunqur mirzo madad so’rab Muhammad Shayboniyxonga murojaat qildi. Sirdaryo bo’yidagi shaharlar bu davrda Shayboniyxonga qarar edi. Temuriylar davlatining ichki ishlariga bajonu dil aralashib turadigan ko’chmanchi o’zbek qabilalarining sardori Boysunqur mirzoning iltimosiga bus afar ham darrov rozilik bildirdi. Biroq Boysunqur mirzoning Samarqandni qamal qilib turgan ukasi – Buxoro hokimi Sulton Ali mirzo va Farg’ona hokimi yosh Zahiriddin Muhammad Bobir Shayboniyxon kelganidan keyin ham Samarqandni bosib olish niyatidan qaytmay va tevarak-atrofdagi qal’alarda qishlab qoladigan bo’ldi. Bunday vaziyatda dushman bilan olishuv yaxshi natija bermasligini bilgan Shayboniyxon Turkistonga qaytib ketdi. Shu vajdan Boysunqur mirzo ham yetti oylik qamal tufayli xarob bo’lgan shaharni tashlab ketgan.

Andijon beklarining boshlig’i Zahiriddin Bobir 1497 yilning oxirida Samarqandni ishg’ol qildi. Mirzo Bobir samarqandliklarning o’sha kezlardagi og’ir ahvolini ta’kidlab, o’z xotiralarida bunday deb yozgan edi: “Samarqandni olg’onda Samarqand andoq xarob edikim, madad va tuxm va taqovig’a ehtiyoj bor edi… Muncha talon va toroj tortg’on viloyatlardin nima olmoq xud nechuk muyassar bo’lg’ay”. Samarqandliklarning iqtisodiy ahvoli og’ir edi, bunday holda biror boylik orttirish u yoqda tursin, hatto, navkarlarni boqish ham amri mahol edi. Buni ko’rgan andijonlik ko’pgina beklar o’z sardorlari Zahiriddin Bobirni tashlab ketishdi. Zahiriddin Bobirning ta’biricha, andijonliklar “uylarini sog’ina boshladilar” va o’z yer-mulklariga qaytishga shoshildilar. Davlatning nomigagina poytaxti hisoblangan Samarqandda yuz kun turgandan so’ng yosh Temuriy shaharni tashlab ketdi. Undan keyin shaharni Sulton Ali mirzo egalladi. Mustaqil ish tutmay, goh tarxon amirlari, goh ulamolar homiysi Ubaydulla Xo’ja Ahrorning o’g’li Xo’ja Muhammad Yahyo qo’lida qo’g’irchoq bo’lib qoldi.

Temuriy hukmdorlari o’rtasidagi ziddiyatlar o’zbek xoni Shayboniyni yana Samarqand yoniga olib keldi. Bu safar u shaharni fath etishga puxta hozirlandi. Istehkomli Samarqandni bir zarb bilan olib bo’lmasligini bilgan Shayboniyxon Sulton Ali mirzoni o’z tomoniga og’dirishga jazm etdi, chunki Sulton Ali mirzoni o’z tomoniga og’dirishga jazm etdi, chunki Sulton Ali mirzoning Xo’ja Yahyoga unchalik e’tiqodi yo’q edi. Shoir va tarixchi Kamoliddin Binoiyning yozishicha Sulton Ali mirzo Xo’ja Muhammad Yahyo Samarqandni Bobir mirzoga bermoqchi degan xulosaga keldi. Shu sababli u Shayboniyxonga davlat poytaxtini topshirib, uning hukmronligini tan olmoqchi va Muhammad Yahyoga pand bermoqchi bo’ldi. Hokimlarning beboshligidan, yurtdagi tartibsizliklardan tinkasi qurigan, uzoq davom etgan urushlardan xonavayron bo’lgan shahar fuqarosi Shayboniyxonga qarshi kurahda Temuriy hukmdorlarni qo’llab-quvvatlamadi. Feodallar o’rtasidagi tinimsiz nizo-janjallardan aziyat chekkan va o’z sinfining kuchli tabaqalari dastidan siqilgan badavlat shaharliklar esa qo’li balandroq hukmdorga tobe bo’lishni afzal ko’rdi. Shunday qilib, ko’chmanchi qabilalarning sardori Muhammad Shayboniy davlatning rasman poytaxti bo’lgan Samarqandni 1500 yilda deyarli urushsiz bosib oldi.

Shayboniyxon Samarqand hokimi bo’lgach, Temuriy saroyi odamlarni, shuningdek, toj-taxt da’vo qilayotgan sultonlarni qilichdan o’tkazdi, xazinani musodara qiladigan mol-mulk bilan to’ldirdi. Ayni vaqtda, shoir Mullo Shodining e’tirof etishicha, yangi hukmdor shaharni xonavayron etmaslikka intildi, chunki shunay qilmasa, “uni o’ziga poytaxt eta olmas edi”. So’nggi Temuriylar davlatidan ancha kuchli bo’lgan oliy hokimiyatning Shayboniyxon qo’lida to’planishi Samarqandning ekonomikasiga ijobiy ta’sir qildi va aholini feodallar nizo-janjallaridan hamda bek va amaldorlarning o’zboshimchaligidan birmuncha xalos etdi. Biroq Shayboniyxon feodallar sinfining manfaatlarini qattiq yoqladi, shahar va qishloq kambag’al tabaqalarining davlatmandlarga ko’z olaytirishlarini daf qilib turdi. Mashhur “Habib as-siyar” asarining muallifi – tarixchi Xondamirning yozilishicha, Shayboniyxon Samarqandni zabt etgach, shahar boshlig’i Jonvafobiyga shahar darvozalarini mahkamlash va qo’riqlab turishni, “hujjati” bo’lmagan biron-bir kimsani shaharga yo’latmaslikni buyurgan.

Tez orada, 1500 yil oxirida Zahiriddin Bobir omon qolgan Temuriy mirzolar ko’magida yana Samarqandni bosib oldi.

Shayboniyxon lashkari 1501 yil bahorida Zarafshon daryosi sohilidagi Saripul yaqinida Mirzo Bobir lashkarini tor-mor keltirdi. Shundan keyin ham Mirzo Bobir Samarqandni ancha vaqt qo’lida saqlab turdi.

Muhammad Shayboniyning lashkarlari shaharni to’rt oy qamal qildi. Bu safar shaharni mudofaa etishda Samarqand ahlining keng tabaqasi qatnashdi. Buning bosisi shundaki, ular Shayboniyxonning Samarqadni birinchi daf’a bosib olishidan ro’shnolik ko’rmagan edilar.

Qamal qilingan Samarqandda oziq-ovqat tanqisligi tobora zo’raydi, keyin qattiq ocharchilik boshlandi; it va eshak go’shtini ham yeya boshladilar. O’sha voqeaning shohida bo’lgan shoir Mullo Shodining mubolag’ali qilib bayon etishicha, odamlar tuya izlarini non deb o’ylashar, yoniga yugurib kelishar va shu yerdayoq jon berishardi. Ular suprani ham chaynar, duo o’qish o’rniga “non, non” deb pishirlar edilar. Qamaldagilarning ko’plari ochlikdan shisha boshladi. Bundan foydalangan savdogarlar g’alla narxini juda oshirib yuborishdi. Samarqand mehnat ahlining sabr kosasi to’lib-toshdi. O’zaro urushlar, talonchilik va shafqatsiz zulmga qarshi xalq oyoqqa turdi. Mullo Shodining yozishicha, “odamlar non tortib olishga shaylanardilar… Har kim o’zini do’konga otardi. Ularni shiraga qo’ngan pashshalardek haydashardi”. Shahar hokimlar mulkdorlarni qo’riqlagali yasovullar qo’yishdi. Ular isyonchilarni kaltaklashdi.

Biroq ko’rilgan choralar qo’zg’olonchilarni tiyin qo’yish uchun yetarli bo’lmadi. Shunda shahar hokimlari barcha faqiru gadoning shahardan badarg’a qilinishini aytishdi. Samarqand himoyasi faqat badavlat kishilar zimmasiga yuklandi. O’sha voqealarning shohidi bo’lmish shoir Muhammad Solihning ta’riflashicha, kambag’al boyoqishlar bir-birining etagini tutib, shahardan chiqib ketishar, bamisoli qamoqda yotgan kishiday yuzlari za’faron, qoq-quruq cho’pni eslatardi. “Ularning yurishiga ham, qaddilarini rostlashga ham madorlari yetmasdi”. Samarqanddan quvilganlar Zahiriddin Bobirning siyosiy muxolifidan bekorga marhamat kutishdi: o’zlarini qamal qilinganlar qarorgohiga olib borgali dorug’a tayinlashni so’rab Shayboniyxon huzuriga yo’llagan kishi bosqinchilardan shafqat ko’rmadi. Odatda Temuriylar qarorgohidan qochib kelganlarni bajonu dil qarshi oladigan, elning badavlat va o’rta hol tabaqasini o’z tomoniga tortishga intiladigan Shayboniyxon Samarqanddagi ochlik isyonida qatnashganlarni panohiga olmadi.

Kambag’allarning haydalishi va shahardagi qo’zg’olonning bostirilishi Mirzo Bobirning mavqeini mustahkamlamadi. U o’z ahvolining tangligini ko’rib, 1501 yilning ikkinchi yarmida bir kechada Samarqandni tashlab chiqdi va choqqina otryadi bilan Toshkentga, mo’g’ul xoni Mahmud huzuriga yo’l oldi, Shayboniyxon esa, endi ikkinchi marta, bu gal hech moneliksiz Samarqandni egalladi.

Shayboniyxon Samarqand taxtiga o’tirgach, davlat ishlarini tartibga solish va mamlakat ekonomikasini tiklash borasida birmuncha tadbirlar ko’rdi. Pulni isloh qilish ko’prik, yo’l va rabotlar qurish hamda tuzatish, sug’orish masalalarini hal etish, Samaqand viloyati dehqonlari xo’jaligini tiklashga urinish va boshqa shu kabi ishlar Samarqandda savdo va hunarmandchilikni yo’lga qo’yishga, markaziy hokimiyatini mustahkamlash va mamlakat xo’jaligini ko’tarishga yordam berdi.

Shayboniyxon Marv yaqinida halok bo’lgandan keyin Samarqanddagi nisbiy iqtisodiy va siyosiy ko’tarilish yillari endi feodal urushlari, o’zbek sultonlarining toj-taxt talashlari bilan almashdi. O’sha vaqtda Kobulni egallab turgan Zahiriddin Bobir sultonlar o’rtasidagi nifoqdan foydalanib, Eron shohi Ismoilning katta madadi bilan yana Samarqand bilan Buxoroni bosib oldi. Uning amri bilan Samarqanddagi Jome masjidda shia imomlarining nomi xutbaga qo’shib o’qitildi. Bobirning ko’pgina boshqa harakatlari singari bu ishi ham shahar ahliga yoqmadi, shu sababli uni qo’llab-quvvatlamadi. Samarqandda sakkiz oy turgan Zahiriddin Bobir Hisorga qochishga majbur bo’ldi, oradan birmuncha vaqt o’tib, Eron lashkarlari G’ijduvon yaqinida mag’lubiyatga uchragandan keyin, Hisorni ham qoldirdi va Movarounnahrni umrbod tark etdi.

Ubaydullo Sulton (Shayboniyning jiyani) ning yaqinlaridan biri bo’lgan Xo’ja Nizom boshchiligidagi samarqandliklar Ubaydullo Sultonning Samarqandga kelishi so’ratib, uning qoshiga “Sultonlar sultonining vaziri” Xo’ja Sulton Ibrohimni yubordi. Ubaydullo darrov shaharni egalladi: u xon martabasini qabul qildi va o’z nomini xutbaga qo’shib o’qitdi. Biroq tez orada uning roziligi bilan Ko’chim sultonni oliy hokim qilib ko’tardilar, lekin hokimiyat rasman Ubaydulloning qo’lida qolaverdi. Keyinchalik, 1533-1539 yillarda Ubaydullo butun davlatning hukmroni bo’ldi. Shu yo’sinda 1512 yili Samarqand yana Shayboniylar qo’liga o’tdi. Zayniddin Vosifiyning “Badoye al-vaqoi” asarida feodallarning adolatlari va taxt uchun sulolalar o’rtasidagi kurash avj olib ketgan og’ir kunlarda ko’pgina samarqandliklar ochlik va muhtojlikdan qirilib ketganligi aks ettirilgan.

Temuriylar o’rnini egallagan va Muhammad Shayboniy ajdodi nomi bilan tarixga kirgan yangi sulola Shaybonixon taxtga o’tirgandan boshlab XVI asrning oxirigacha qisqa muddatli tanaffuslar bilan mamlakatni boshqardi.

XVI asrning dastlabki yigirma yili mobaynida Samarqand Shayboniylar davlati iqtisodiy va siyosiy hayotining markazi bo’lib qolaverdi. Shundan keyingi o’n yilliklarda Samarqand bilan bir qatorda, Buxoro, Toshkent va Balx ham poytaxt shahar bo’lishga da’vogarlik qilib turdi. Ayni vaqtda Samarqand o’zbek davlatining siyosiy va iqtisodiy hayotida muhim mavqeini davom ettirdi, qizg’in ichki va tashqi savdoning markazi bo’ldi. Biroq sultonlarning ayrim guruhlari o’rtasida toj-taxt uchun olib borilgan shiddatli kurash mamlakatning xo’jalik hayotini izdan chiqardi, shaharning iqtisodiy rivojlanishiga to’sqinlik qildi.

Samarqand boy shahar sifatida sultonlarni jazm etardi. Movarounnahrning oliy hokimi sifatida Samarqandni boshqarish aksari sultonlarning maqsadi edi. Ayni vaqtda Samarqand hukmdorlarining o’zlari ham qo’shni shahar va viloyatlar ahli hisobiga boyimoqchi bo’lishardi. Chunonchi, 1540-1551 yillarda Samarqandga hukmronlik qilgan Abdullatifxon Toshkent xoqoni Navro’z Ahmadxon (Baroqxon) bilan birgalikda Karmanaga hujum qildi; lekin mahalliy hokim bo’lg’usi qudratli xon Abdullo sulton bu hujumni shijoat bilan daf etdi. Abdullatifxon o’lganidan keyin Navro’z Ahmadxon Samarqandga qo’shin tortdi. U faqat keyingi yurishdagina shaharni zabt eta oldi, so’ngra Shahrisabzni o’ziga bo’ysundirdi. Uning Buxoro ustiga qilgan yurishlari (garchand u shaharni biz oz egallab turgan bo’lsa-da) kutilgan natijani bermadi. Shu vajdan u Said Burxonxon bilan ittifoq tuzib qo’ya qoldi. Shunisi qiziqki, o’sha davrdagi Samarqand hokimi ham, Buxoro hokimi ham tarixiy asarlarda xon deb atalgan.

Samarqandning ayrim hokimlari feodal jamiyatidagi muayyan doiralarning iqtisodiy mavqeini kuchaytirish yo’li bilan o’z hokimiyatlarini mustahkamoqchi bo’ldilar. Chunonchi, Samarqandni besh yilcha idora qilgan va Movarounnahrning oliy hokimi hisoblangan Navro’z Ahmadxon Samarqandning xo’jalik hayotini tartibga solish yuzasidan ba’zi bir tadbirlarni ko’rdi, jumladan, shahar atrofidagi yerlarni sug’orish ishlarini amalga oshirdi. Aholi asosiy qismining ahvoli esa, bari bir nihoatda og’irligicha qolaverdi.

Navro’z Ahmadxon o’lgach (1556 yil), Samarqand uning o’g’li Bobo Sulton qo’liga o’tdi. Abdullatifxonning o’g’li – Gadoyxon Axsi va Andijonning hokimi bo’lgan akasi Juvonmard Ali bilan birgalikda Samarqandni bosib olishga azm qilib, Abdullo sultondan madad so’radi. Shuhratparast va uddaburro Abdullo sulton sulola janjallariga aralashib, xon taxti uchun kurashning avval boshida Samarqandning sobiq hukmdori o’g’illari bilan ittifoq tuzdi. Bu o’g’illar Bobo Sulton yo’qligidan foydalanib, Abdullo sultonning ko’magi bilan 1557 yili Samarqandni ishg’ol qildi.

Sultonlar Samarqandni egallash uchun o’sha yillar va undan keyingi yillarda qattiq kurash olib bordi. Hunarmandlar, aholining o’rta hol va kambag’al taqabalar shaharni feodal lashkarlarining hujumlaridan himoya qilishda faol qatnashdilar. Abdullaxon II ning tarixchisi Hofiz Tanish ana shu shaxsni ko’klarga ko’tarib maqtash uchun ataylab yozgan “Abdullanoma” asarida e’tirof etganidek, Abdullaxon II Samarqandni qamal qilganda, “qal’a odamlari” garchi “natijasiz” bo’lsa-da, ammo mardonavor qarshilik ko’rsatdilar.

1576 yilda Samarqandni Abdullaxon II bosib oldi. U hukmronlik qila boshlashi bilan Shayboniylar davlatining poytaxti uzil-kesil Buxoroga o’tdi. Abdullo hukmronligi davrida Samarqandda nisbatan osoyishtalik o’rnatildi. U 1580 yilda Samarqandga tashrif buyurganida, Hofiz Tanishning ta’biricha, shaharning qulayozgan barcha imoratlarini sozlashni buyurgan. Biroq to’xtovsiz davom etayotgan harbiy to’qnashuvlar butun mamlakatning, shu jumladan, Samarqandning ham iqtisodiy ahvoliga og’ir ta’sir ko’rsatadi.

Abdullaxon hukmronligining so’nggi yillari tashqi siyosat sohasidagi muvaffaqiyatsizliklar bilan xarakterlanadi. Qozoq qabilalarini qisqa vaqt birlashtira olgan qozoq xoni Tavakkal Toshkentni bosib oladi va 1599 yilda Samarqandni egallashga urinadi. O’zbek qo’shinlari mag’lubiyatga uchraydi. Qarib qolayotgan Abdullaxon II ning o’zi qozoq sultonlari lashkarlariga qarshi otlanadi, lekin maqsadiga yeta olmay, Samarqandda vafot etadi. Feodal lashkarlarining harbiy harakati va oliy hukmdorning almashinuvi shaharning iqtisodiy hayotini yana buzdi, Samarqand mehnat ahlining turmushini yanada og’irlashtirdi. Abdullaxon II ning o’g’li Abdulmo’min halok bo’lishi bilan Shayboniylar hukmronligi tamom bo’ldi va XVII asr boshlarida Movarounnahr tuprog’ida hokimiyat Ashtarxoniylar sulolasiga o’tdi.

Fikr bildirish