Amir Temur sulolasi. E’tiqod va qadr

Sohibqiron Amir Temur hazratlari qayerga bormasin, o’sha joyning buzrugvorlari qabrlarini ziyorat qilar, barhayot ulamolarga, ulug’ zotlarga ulug’ ehtirom ko’rsatar edi. O’tgan aziz-avliyolar, el e’tiqod qo’ygan pirlar manzillarini obod qildirar edi. Shohruh Mirzo ham bu bobda otasidan ko’p yaxshi jihatlarni o’zlashtirgan edi. Hijriy 809 yili (1406) Shohruh Mirzo Jom sariga lashkar tortganida bu joydagi Ahmadi Jomning muborak mozorini ziyorat qiladi. Zindafil avliyoning avlodlariga marhamatlar ko’rsatadi, muhtojlarga hadya va sadaqalar ulashadi. Shu ziyoratning ertasiga, misli Sohibqiron kabi, qo’shinlar ko’rigini o’tkazadi. Mashhadga yuzlangan Shohruh Mirzo Ali ibn Muso Rizo ziyoratini bajo keltiradi, sayyidlarga in’omu ehsonlar tarqatadi. Bu ziyoratlarning natijasi chakki bo’lmagan, ulug’ avliyolarning ruhi yor bo’lib, Sayyid Xoja kabi g’animlar mag’lubiyat alamini chekkan edi. Oradan 6-7 yil o’tib, Shohruh Mirzo tag’in Mashhadga, Imom Rizo ziyoratiga otlanadi. Bu ziyorat 1412 yilning fevral oyiga to’g’ri keladi. Odatdagiday, nazr-niyozlar, sadaqalar tarqatiladi. “Matla”da, garchi, zikr etilmagan bo’lsa-da, Shohruh Mirzo Movarounnahrda bo’lgan paytlarida ham Kesh va Samarqanddagi muqaddas qadamjolarni borib ko’rgan, otasi va qarindosh-urug’lari qabrlarini tavof qilgan.

1414 yilda Isfaxon fath etilganda, Shohruh Mirzo, muarrix guvohlik berganidek, “amnu omonlik soyasiin Isfaxonning xosu omlari ustiga tushirdi, hammaga adlning daxlsiz yeri-yu ehsonning huzur-halovat joyidan boshpana qurdi: mozorlarga nazr atagani yuz ming kepakiy dinorni faqirlar va muhtojlarga yetkazdi hamda devonga yig’ilishi tegish bo’lgan molning uchdan birini raiyyatga bag’ishladi”. Shohruh Mirzo Sherozga qilgan yurishi chog’ida ham bu mulklardagi qadamjolarni, o’tgan ulug’larni yodlash yo’lini tutadi. Jumladan, Abu Isxoq Ibrohim qabrini ziyorat qiladi.

Eronda aholining ma’lum qismi azaldan shiiylik mazhabiga mansub edi. Shohruh Mirzo qo’l ostidagi raiyyatning e’tiqodiga hurmat ko’zi bilan qaragan. Shiiylarning asosiy qadamjo ziyoratgohi Ali ibn Muso Rizo marqadi bo’lib, u Mashhadda joylashgan edi. 1418 yilning 3 sentabrida Shohruh Mirzo o’z yaqinlari bilan Imom Rizo qabri ziyoratiga otlanadi. Hukmdor xonadonining Mashhadga, Imom Rizo marrqadiga hurmati juda katta bo’lgan. Gavharshod Begim Imom Rizo maqbarasi ustiga qurilgan gumbazli bino yonida ulkan masjid qurilishini boshlagan va Shohruh Mirzo tashrifi kunlarida u bitish arafasida edi. Masjid podshoh ishtirokida tantanavor ochiladi. Imom Rizo qabri ustidagi gumbazli maqbara ham ta’mirdan chiqarilgan bo’ladi va Shohruh Mirzo yaxshi niyat bilan yasattirgan uch ming misqol oltindan ishlatilgan qandil maqbara gumbazi ichiga osiladi. Ziyorat kunlarida Shohruh Mirzo shahar bilan tanishadi, shaharning sharqiy tomonida choharbog’ va qasr barpo etishini tayin qiladi. Bog’ va qasrning tarxini uning o’zi belgilab beradi. Qasr Shohruh Mirzo qachon bu shaharga ziyoratga kelsa, unga qo’nish uchun mo’ljallangan bo’ladi. Ziyorat kunlarida eli xalqqa berilgan tortiqlar, nazr-niyoz va sadaqalar hammaaning ko’nglini ko’taradi. Shohruh Mirzo tashrifidan shahar ham, mashhur imom Ali ibn Muso Rizo qadamjosi ham obod bo’ladi.

Fikr bildirish