BASTAKORLIK

BASTAKORLIK – yaqin va O’rta Sharq mamlakatlarida an’anaviy, mumtoz musiqa uslubi zaminida yuzaga kelgan badiiy an’ana, ijodiy kasb turi, musiqa ijodchiligi. Quyidagi ijod shoxobchalarini o’z ichiga oladi: 1) xalq orasida tanilgan muayyan kuy yoki ashula yo’lining o’zgacha mustaqil ko’rinishi (qayta ohangga va usulga solib, mualliflashtirilgan namunasi) ni yaratish. Masalan, rost maqomining «Ushshoq» sho’balari asosida yaratilgan «Ushshoqi Hoji» yoki «Samarqand ushshog’i I— II» (Hoji Abdulaziz Abdurasulov), «Toshkent Ushshog’i I — I» (Mulla To’ychi Toshmuhamedov), «Ushshoqi Sodirxon» (Sodirxon Bobosharifov) kabi asarlar; 2) ma’lum cholg’u kuylarning — ashula, ashula yo’llarining — cholg’u variantlarini yaratish (I. Ikromov ashulalashtirgan «Munojot», «Cho’li Iroq» singari); 3)birnechakuy, qo’shiq yoki ashulalarni umumlashtirib bir asar yaratish (H. A Abdurasulovning «Bozurgoniy», «Bebokcha» asarlari kabi); 4) mustaqil asarlar (o’tmishda asosan kuy, qo’shiq va ashula yo’llari, hozirgi davrda boshqa janrlarda ham) ijod etish. O’rta Osiyoda Bastakorlik tarixi qadimdan boshlanadi. Iste’dodli xonanda, sozanda va zamonaviy ma’nodagi bastakorlar Borbadmarviy (6 — 7-asrlar), Abdurahmon ibn Surayj (? -743), Abduhafz So’g’diy (? — 832) va boshqalar. Yaqin va O’rta Sharqning deyarli barcha mamlakatlarida tanilgan. Abu Nasr Forobiy va Abu Ali ibn Sino singari allomalar ham Bastakorlik bilan bevosita shug’ullanishganligi haqida ma’lumotlar bizgacha yetib kelgan. Bu ularning ilmiy-musiqiy asarlari amaliyot bilan uzviy bog’lanishiga asos bo’lgan. O’zbek xalqi orasida Bastakorlik ayniqsa Amir Temur va Temuriylar, xususan, Bobur hamda Boburiylar davrida mukammallashib, ilmiy va badiiy adabiyotda atroflicha o’z tarixi va ta’rifini topgan. Bastakorlik an’anaviy ijrochi (xonanda, ayniqsa sozanda) likdan turtki olib, maqom ijodchiligiga katta ta’sir ko’rsatdi. Dastlab (13-asr) o’n ikki maqom, so’ngra (16 — 18-asrlar) uning zaminida Shashmaqom, Xorazm va Farg’ona — Toshkent maqom turkumlari shakllanishiga sabab bo’ldi. Maqom turkumlari tarkibida o’nlab cholg’u («Saqili Islimxon», «Saqili Ashkullo», «Murabbai Komil», «Saqili Niyozjonxo’ja» kabi) va ashula («Samandariy», «Karimqulbegi» singari) yo’llari yuzaga keldi. Bastakorlik san’ati, ayniqsa, 15 — 16-asrlarda ommaviylashgan: qator shoir, olim va boshqalar ayni paytda bastakor ham bo’lgan. Abdurahmon Jomiy «Imoma» naqshi (yoki «naqshi Mullo») ni, A. Navoiy bir qancha naqsh va peshravlar, Bobur «Chorgoh Savti» yo’llaridagi asarini ijod etgan. Bu davrga kelib Bastakorlikning asosiy janr va shakllari, uslub va usullarining rivoji o’z qiyomiga etdi. Manbalarda, ayniqsa Darvishali Changiy (16 — 17-asrlar) ning musiqaga doir risolalarida (yuqoridagilardan tashqari) amal, qavl, savt, chorzarb hamda jir, kor, tarona ko’rinishlaridagi o’nlab asarlarning ta’rifi keltirilgan, bularning har birida ijod qilgan ko’plab bastakorlarning nomlari aytib o’tilgan. Samarqand, Buxoro, Hirot, Toshkent, Xo’jand, Qo’qon, Xiva kabi shaharlarda xonandalik, aksariyatida sozandalik bilan birga o’ziga xos Bastakorlik maktablari yuzaga kelgan. Mazkur ijodiy maktablarning yetuk namoyandalari o’z asarlarida mahalliy folklor (ayniqsa, marosim va lirik mavzudagi qo’shiqlar), maqom, katta ashula ijrochiligi va ijodkorligiga xos xususiyatlarni singdirishga intilganlar. Bastakorlik ijodi rivojining keyingi bosqichlaridan 19-asrning 2-yarmi — 20-asr boshlanish davri diqqatga sazovor. Mazkur bosqichda Hoji Abdulaziz Abdurasulov (1852 — 1936) kabi an’anaviy uslubda ijod etgan bastakorlar bilan yonma-yon Hamza ham o’zining qo’shiqlarini yaratdi. Bu qo’shiqlarda shoir o’zbek musiqa merosi tabiati, ohang va usullarini xalqaro, qator Sharq xalqlari (Ozarbayjon, tatar va boshqalar) ning musiqa folklori xususiyatlari bilan uzviy bog’ladi, marsh, vals kabi janrlardan keng foydalandi. 20-asr boshlarida o’zbek bastakorlari T. Jalilov («Dovruq»), Yu. Rajabiy («Hammamiz», «Chamanzor» qo’shiqlari) asarlari o’zbek Bastakorlik ijodining bir-biriga ulanib ketishida ijobiy rol o’ynadi. 20 — 30-yillarda taniqli sozandalar — changchi M. Xarratov, tanburchi A. Umarov, xonanda K. Otaniyozov, g’ijjakchi M. Niyozovlar ham davr ruhini to’laqonli ifodalovchi kuy va qo’shiqlar yaratishdi. Asrning 2-choragidan bastakorlarimizning O’zbekiston musiqa madaniyatiga qo’shgan hissalari nihoyatda unumli bo’ldi. Xususan 30 — 40-yillardan o’zbek musiqali dramasi va komediyasi shakllanishida, 50-yillarda opera rivojida T. Jalilov va Yu. Rajabiylar hissasi katta. 20-asr o’zbek qo’shig’i taraqqiyoti K. Jabborov, F. Sodiqov, I. Ikromov, N. Hasanov, S. Kalonov, M. Mirzayev, F. Toshmatov, so’nggi yillarda F. Mamadaliyev, A. Ismoilov, O’. Rasulov, A. Dadayev kabi bastakorlar ijodida shakl topdi. Bastakorlik san’ati asta-sekin musiqa ta’limi tizimiga kiritilmoqda, atoqli bastakorlar asarlari nashr etilib, bular ijrosi buyicha maxsus ko’rik-tanlovlar o’tkazilmoqda, ayrimlarining ijodiga oid ilk tadqiqotlar yaratilmoqda. Ba’zan, asosan ko’p ovozli musiqa sohasida ijod qilgan kompozitor (doni Zokirov, Sayfi Jalil, Dadaali Soatqulov kabi) lar ham aynan Bastakorlik uslublarida kuy va qo’shiqlar yaratishgan. Ad: Gafurbekov T., Tvorcheskie resursi nasionalnoy monodii i IX prelomlenie v uzbekskoy sovetskoy muzike, T., 1987; musiqa ijodiyoti masalalari, T., 1997. Tuxtasin G’afurbekov.