BAG’DOD MINIATYURASI
BAG’DOD MINIATYURASI – 10 -13-asrlarda arab qo’lyozmalariga ishlangan rasm va bezaklar, Arab mamlakatlarida xalifalik iiqirozidan keyingi davrlarda yuzaga kelgan o’ziga xos uslub va mazmunga ega bo’lgan tasviriy san’at turi. O’rta asrlarda yaqin Sharq rassomligi taraqqiyotida muhim bosqichni tashkil etgan Bag’dod minityurasi Misrdan ko’chib o’tgan rassomlar (12-asr), Sharqiy xristian doiralari san’ati, Eron badiiy an’analari, Sharqiy Turkiston hududidagi Manixey va budda san’atlari ta’siridas hakllangan. Bezak butunligiga intilish, tasvirni tekis yuzali qilib ishlash xos bo’lgan. Qo’lyozma kitoblarga ishlangan rasmlarda me’moriy obilalar mukammal tasvirlanib, manzaraga shama qilingan, u ramziy ifodalangan. Ko’chirilib bezatilgan qo’lyozmalardagi Vizantiya san’ati ta’sirida yaratilgan bezaklarda saroy hayotidan olingan dabdabali lavhalar aks ettirilgan. Ilmiy qo’lyozmalar, risolalarga ishlangan bezaklar va o’quv jadvallari aniq va ixcham, tasvirdagi harakat ifodali, ozgina detallar bilan joyning belgilanishi, ifodali bo’yoq dog’lari va chiziqlari bilan diqqatga sazovor (Dioskoridning «Farmakologiya» asariga Abdulloh ibn Fadl ishlagan miniatyuralari, 1222). Bag’dod minityurasining yetuk namunalari — Haririyning «Maqomlar»iga ishlangan rasmlarga (Yahyo ibn Mahmud ishlagan) shaharlik Abu Zaydning kechmishlari asos qilib olingan (1237 yilda bezalgan nusxasi Parijdagi milliy kutubxonada; 13-asr boshlarida ko’chirilgan nusxasi Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutining Sankt-Peterburg bo’limida). Shahar va qishloq hayotidan ishlangan janrli lavhalar (qabul marosimi, olimlar anjumani, bayram bazmi, safardagi karvon va boshqalar) jonli, ifodali, ta’sirchan va mahorat bilan erkin ishlangan. Eron va O’rta Osiyo rassomligining keyingi taraqqiyotiga 14 asr musavviri Junayd Sultoniyning ijodi (Hoji Kirmoniyning «Xamsa»siga ishlangan asarlari, 1396) sezilarli ta’sir ko’rsatgan. Bag’dod minityurasining badiiy uslubi sodda, rasmlarda mayda va ikkinchi darajali bo’laklar yo’q. Mug’ullar davlatining tuzilishi tufayli inqirozga uchragan. Bag’dod minityurasi maktabining keyingi taraqqiyoti yangi madaniy jarayonlar bilan bog’liq holda kechgan.