BAHOR
BAHOR (taxallusi; asl ismi Muhammad Taqi) (1886.10.12, Mashhad – 1957.21.4, Tehron) — Eron shonri, jamoat arbobi. Malik ush-shuaro (1903). Tehron universiteti professor (1953). Eron milliy Majlisiga bir necha bor vakil bo’lib saylangan. Boshlang’ich saboqni Bahor otasi Xuroson shoiri, Malik ush-shuaro Muhammad Kozim Saburiydan olgan. Bahor «Eronga Xudo yordir», «Ser Eduard Grenga maktub» (1909) asarlari bilan shuhrat qozonadi. Bahor «Nai-bahor» gazetrasini nashr etadi (1905 — 11). U adabiy jamiyat tuzib, «Donishkada» («Ilmxona») jurnal chiqaradi (1918). Bahor she’rlari ichki va teskarichi guruhlarga, ba’zi mutaassiblarga qarshi qaratilgan. U monarxiyaga qarshi yozgan she’rlari uchun Isfahonga badarga qilinadi (1932). Xalqning demokratiya uchun kurashini quvvatlovchi «Jaxannam». «Zindon kundaliklari», «Tong qushi» kabi asarlari shu yerda yozilgan. Bahor 3 jildli «Stilistika» (1958) ilmiy asarini yaratgan. Bahor qadimgi pahlaviy tilidan «Yodgore Zariron» («Zarirlar yodgorligi») dostonini fors tiliga tarjima qilgan. Uning fors she’riyatiga bag’ishlangan asarlari sharqshunoslik sohasida hanuz o’z qimmatini saqlab qolgan. Ad.: Shomuhamedov Sh., Bahor, T., 1965.
BAHOR — Toxaristondagi o’rta asr shaharlaridan biri. Arab tarixchisi Qu-doma ibn Ja’farning ma’lumotiga ko’ra, Bahor shahri Xulmdan 7 farsax (45— 50 kilometr) narida, cho’lda joylashgan. Bahorda suv faqat bir quduqdagina bo’lib, unga narvon bilan tushilgan. Sam’oniy (12-asr) Balx viloyatida Shobuxor qishlog’ini, Yoqut Hamaviy shu viloyatda Bahoriza qishlog’ini qayd etganlar, ularni Bahor bilan aynan bir deb hisoblash mumkin. «Bahor» atamasi bu yerda Islom dinidan avval vixara, ya’ni buddaviylar monastiri — ibodatxonasi bo’lganidan dalolat beradi. «Narvon bilan tushiladigan kuduq», ya’ni Sardoba bo’lgan. Atamalardan biri tarkibidagi «sho» qadimgi «xsha» — «podshoh» so’zidan, ya’ni «shohona vixara» turgan yer. Ikkinchisida — «za» qo’shimchasi sug’dcha «Zay, zaya» — «joy, o’rin, yer» ma’nosiga ega. Qiyos qiling: Toshkentda Novza mavzei — «yangi yer» deganidir.
BAHOR, ko’klam — 1) yil fasli, mavsum. Yerning Shimol yarim sharida bahorgi kecha-kunduz tengligi (20 yoki 21 mart)dan yozgi quyosh turg’unligigacha, ya’ni kunduz eng uzun, kechasi eng qisqa bo’lgan kungacha (21 yoki 22 iyungacha) davom etadi. Shartli ravishda mart, aprel va may oylarini Bahor deb atash qabul qilingan. Yerning Janub yarim sharida bu vaqtda kuz fasli bo’ladi. Bahor qishdan yozga o’tish mavsumi hisoblanadi. Bahor kelishi bilan kunlar tez isiy boshlaydi, daraxtlar barg yozadi, maysalar ko’karadi, qushlar uchib kela boshlaydi va hokazolar. Bular turli joylarda har xil paytlarda ro’y beradi, Qutb kengliklarida Bahor qisqa bo’ladi, tropiklarda sezilmay o’tib ketadi; 2) qadimgi og’irlik o’lchov birligi; Musulmon davlatlarida qo’llanilgan. Klimata ishlatilish joyi va davriga qarab har xil bo’lgan: a) vazni 229 kilogrammga teng bo’lgan kichkina va vazni 422 kilogrammga teng bo’lgan katta Bahorlarga bo’linadi. Bahorning 207.4 kilogrammli turi ham bor; b) Makkada 1 Bahor 183,7 kilogrammga teng bo’lgan (16-asr).
BAHOR — ertapishar gilos navi. R. R. Shreder nomidagi bogdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutining Samarqand filialida Frantsis va Savri Surxon navlarini chatishtirish yo’li bilan chiqarilgan (1952). Daraxti kuchli o’sadi, keng shox-shabbali, shakli piramidasimon, bir yillik novdalari yo’g’on, to’g’ri, jigarrang. Bargi yirik, qizg’ish-yashil, cho’zinchoq, uchiga tomon ingichkalashib boradi. Guli oq, hushbo’y, kattaligi bilan boshqa navlardan farqlanadi. Mevasi yirik (8 gramm), dumaloq, yaltiroq, to’q-qizil yoki qoramtir-qizil rangda, seret, sersuv, shirin (13,8% qand). Ko’chati ekilgandan keyin 3 — 4-yili hosilga kiradi. Aprelning birinchi yarmida gullaydi, mayning o’rtalarida pishadi. Mevasi 30 kungacha sifati buzilmay daraxtda turishi mumkin. Kompot, murabbo tayyorlanadi. O’zbekistonning barcha zonalarida ekiladi.