BEDA BITI

BEDA BITI, akatsiya biti (Aphis craccivora Koch.) — afididlar oilasiga mansub qanotsiz yoki to’rtta nafis qanotli mayda hasharot. Tanasi 1,3—2,1 millimetr. Migratsiyalanib to’la o’zgarish bilan rivojlanuvchi formalari mavjud. Beda biti tuxum holda beda ang’izi, akasiya bachkisi, ba’zan yantokda qishlaydi. Lichinkalari mart oyi boshlarida tuxumdan chiqadi. Aprel oxiri va may oyining boshlarida Beda biti oldin akatsiyaga, so’ngra g’o’za va boshqa o’simliklarga uchib o’tadi. Bu o’simliklarning bargi dag’allashgandan so’ng bedaga o’tadi va dastlabki kuzgi sovuqdan keyinroq tuxum qo’ya boshlaydi. Beda biti yil davomida 12 avlod berib, asosan, yosh va sersuv novdalarda yashaydi. Kurash choralari: oq akatsiyani ekinzor maydonlar atrofiga ekmaslik; may— iyunda tuproqqa 10 — 15 santimetr chuqurlikda donador bazudin yoki fosfamid (40 kilogramm/ gekar) solish; g’o’zaga fosfamid, rogor, bi- 58 (1-2 kilogramm/gekar) purkash; aholi yashaydigan punktlarga yaqin joylardagi dalalarga xlorofos, karbofos bilan ishlov berish.