BEXER
BEXER (Becher) Iogannes Robert (1891.22.5, Myunxen 1958.10.11, Berlin)—nemis yozuvchisi. Dastlabki asarlari ekspressionizm g’oyalari bilan sug’orilgan. «Hammaga» (1919), «Doimiy qo’zg’olonda» (1920), «Xudo nomi bilan» (1921) asarlarida spartakchilarning qahramonligini kuylash bilan insonga xos yaratuvchilikni va adolatsizlikka qarshi kurash g’oyalarini ulug’laydi. Bexerning realizmga intilishlari bosqinchilik urushlarini qoralovchi «lyuizit» (1926) romanida yaqqol ifodalangan. U fashizmga qarshi adabiy harakatda muhim o’rin egallaydi. 1933-45 yillarda muhojirlikda yashaydi. «Baxt izlovchi va yetti gunoh» (1938), «Asr o’rtasiga qadam» (1958) va boshqa she’riy to’plamlari; «Vidolashuv» (1940) romani bor. Bu romani o’z biografiyasi asosida yozilgan. «Tajribalar» (1951— 57) madaniyat muammolariga bag’ishlangan. Xalqaro mukofot laureati (1952).