O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING KONSTITUTSIYASI
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING KONSTITUTSIYASI — O’zbekiston Respublikasining asosiy qonuni, oliy yuridik kuchga ega bo’lgan siyosiy-huquqiy hujjat. 1992 yil 8 dekabrda 12-chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 11-sessiyasida qabul qilingan. «O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to’g’risida»gi Konstitutsiyaviy qonun (1991 yil 31 avgust) ushbu Konstitutsiya uchun asos bo’lib xizmat qilgan. Mustaqil O’zbekistonning birinchi Konstitutsiyasini yaratish g’oyasi ilk bor 1990 yil 20 iyunda bo’lib o’tgan mamlakat Oliy Kengashining 2-sessiyasida ilgari surilgan. Ushbu sessiya Prezident I.A.Karimov raisligida 64 kishidan iborat Konstitutsiyaviy komissiyani tuzish to’g’risida qaror qabul qilgan. Uning tarkibiga deputatlar, Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlarning vakillari, davlat hamda jamoat birlashmalari, korxonalar va xo’jaliklarning rahbarlari, huquqshunos olimlar va mutaxassislar kirgan. Oliy Kengashning 10-sessiyasida komissiya tarkibi qisman yangilangan. Komissiya ishlab chiqqan loyiha matbuotda e’lon qilinib, keng muhokama etilgan. Konstitutsiyaviy komissiya umumxalq muhokamasi yakunlarini ko’rib, loyihani tuzatib va ma’qullab Oliy Kengash sessiyasida ko’rib chiqishga tavsiya qilgan. Loyiha Oliy Kengash sessiyasida ham moddama-modda muhokama etilgandan so’ng qabul qilingan. 2002 yil 27 yanvarda o’tkazilgan umumxalq referendum natijalariga ko’ra hamda uning asosida qabul qilingan 2003 yil 24 apreldagi O’zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq, Konstitusiyaning XVIII, XIX, XX, XXIII boblariga tuzatish va qo’shimchalar kiritilgan. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi muqaddima, 6 bo’lim, 26 bob, 128 moddadan iborat. Muqaddimada Konstitutsiya qabul qilish sabablari va mamlakatimiz oldiga qo’yilgan vazifalar belgilangan. 1-bo’limda O’zbekiston Respublikasining mustaqil davlat sifatidagi asosiy konstitutsiyaviy printsiplari ko’rsatilgan. Bunday printsiplar qatoriga davlat suvereniteti, xalq hokimiyatchiligi, Konstitutsiya va qonunning ustunligi hamda tashqi siyosat tamoyillari kiradi. «Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari» deb atalgan 2-bo’lim inson huquqlarini O’zbekistonga xos yaxlit va keng tizimidir. Konstitutsiya O’zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolikni o’rnatdi. O’zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari huquq normalariga muvofiq ta’minlanadi. O’zbekistonda hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi Konstitutsiyada mustahkamlangan, har bir shaxs mulkdor bo’lishga haqli, meros huquqi bilan kafolatlanadi. Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash huquqiga egadir. Barcha fuqarolar dam olish huquqiga ega bo’lib, ish vaqti va haq to’lanadigan mehnat ta’tilining muddati qonun bilan belgilanadi. Har bir inson bilim olish, tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. Konstitutsiyada har bir shaxsga o’z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g’ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Konstitutsiya va qonunlarga rioya etish fuqarolar uchun majburiydir. O’zbekistonni himoya qilish — mamlakat har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o’tashga majburdirlar. Konstitutsiyaning 3-bo’limi «Jamiyat va shaxs» deb ataladi. Bu bo’limda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligi, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi kafolatlanishi bayon etilgan. Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi, mulkdor mulkiga o’z xohishicha egalik qilishi, foydalanishi va uni tasarruf etishi ta’kidlanadi. Ro’yxatdan o’tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi. Konstitutsiyaviy tuzumni zo’rlik bilan o’zgartirishni maqsad qilib qo’yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ’ib qiluvchi, xalqning sog’lig’i va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek, harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi. Konstitutsiyada ko’rsatilishicha, ota- onalar o’z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar, shuningdek, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o’z ota- onalari haqida g’amxo’rlik qilishga majburdirlar. O’zbekistonda ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Tsenzurata yo’l qo’yilmasligi alohida ta’kidlanadi. Konstitutsiyaning 4-bo’limi O’zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishiga bag’ishlangan. 5-bo’lim davlat hokimiyatining tashkil etilishi haqida bo’lib, unda hokimiyat vakolatlarini taqsimlash printsipi o’z ifodasini topgan. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O’zbekiston Respublikasining Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati asoslari, O’zbekiston Respublikasi sud hokimiyati, saylov tizimi, prokuratura, moliya va kredit, mudofaa va xavfsizlikka oid alohida boblar bor. Konstitutsiyaga o’zgartirish kiritish tartibi so’nggi 6-bo’limda o’z ifodasini topgan. Unga ko’ra, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o’zgartishlar tegishincha O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida 2 qismidan iborat ko’pchiligi tomonidan qabul qilingan qonun yoki O’zbekiston Respublikasining referendumi bilan kiritiladi. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganligini nishonlash maqsadida Konstitutsiya qabul qilingan kun — 8 dekabr umumxalq bayrami — O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni deb e’lon qilindi (O’zbekiston Respublikasi qonuni, 1992 yil 8 dekabr). 2001 yil 4 yanvarda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o’rganishni tashkil etish to’g’risida» farmoyishi chiqdi. Farmoyish asosida barcha ta’lim turlarida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o’rganish yo’lga qo’yilgan.