BIZE

BIZE (Bizet) Jorj (1838.25.10, Parij — 1875.3.6, Bujival) — frantsuz kompozitori. Parij konservatoriyasini tamomlagan (1857). Operetta, kantata, xor, kamervokal va fortepiano musiqasi, simfoniya va orkestr syuitasi, komik va lirik operalar va boshqa janrlarda ijod qilgan. Bize frantsuz mumtoz musiqasi an’analari bilan boshqa xalqlar folklorining jonli ohanglarini chambarchas bog’lab, o’ziga xos uslub yaratgan. Sharq mavzusiga bag’ishlangan «Marvarid izlovchilar» (1863), «Pert go’zali» (1866), Arab xalq kuylaridan ijodiy foydalanib yozilgan «Jamila» (1872) operasi, «Arlezian qizi» spektakliga yozgan musiqalari mashhur. Optimistik fojia xarakteriga ega bo’lgan «Karmen» operasi (1974, P. Merime novellasi asosida) Bize ijodining hamda frantsuz realistik operasining cho’qqisidir. Bize kuylaridan foydalanib, rus kompozitori R. Shchedrin mashhur «Karmensyuita» baletini (1967, A. Alonso librettosi) yaratgan. Bizening «Karmen» va «Marvarid izlovchilar» operalari Navoiy nomidagi Katta akademik opera va balet teatrida sahnalashtirilgan.