BILAGUZUK

BILAGUZUK — ayollarning bilakka taqadigan ziynat buyumi; keng tarqalgan qadimgi taqinchoqlardan. Oltin, kumush, mis va boshqa metallardan quyib (quyma Bilaguzuk), bolg’alab (yozma yoki yorma Bilaguzuk) ishlanadi, jilo beriladi, bosma, chizma, kandakori usulida islimiy, handasiy naqshlar bilan bezatiladi, qimmatbaho toshlar qadaladi, ba’zan bezakda yozuv (masalan, Arab yozuvi) ham uchraydi. Bilaguzuk ingichka va keng (qalin) shaklli bo’lib, tuzilishiga ko’ra ikki — ochiq (uchlari ochiq qolib tutashmagan) va berk (yaxlit, ikki tabaqali oshiqmoshikli) turi farqlanadi. O’zbekiston hududidan topilgan arxeologik qazilmalar Bilaguzukning juda qadimiyligini ko’rsatadi, ikki nayzani o’zaro aylantirib ishlangan ochiq Bilaguzuk ko’vlab topilgan. Bilaguzuk uchlari hayvon (masalan, ilon, buqa, baqa va boshqalar) boshi ko’rinishida bo’lgan, davrlar o’tishi bilan u o’zining dastlabki xususiyati (ilohiy ma’no) ni yo’qotib, faqat bezak vazifasini saklab qolgan. Berk Bilaguzuk yaxlit, ikki tabaqali (ochiladigan yoki egiluvchan oshiqmoshiqli qilib tayyorlangan, o’zaro ignaga o’xshash ustun — «kalitcha» bilan mahkamlangan, «kalitcha» Bilaguzukka kalta zanjir bilan biriktirilgan) yoki kichik tabaqa eshikchali qilib ishlangan. Bezaklari soddadan tortib to murakkab naqshli o’ta hashamdor, ba’zan tosh va shisha ko’zlar qadalgan. Xorazm Bilaguzugi quyma usulida quyuq gullar hosil kilib tayyorlangan, toshkentlik va buxorolik ustalar bezakda sir (emal) dan ham foydalangan. Munchoqli Bilaguzuk ham qadimdan mavjud bo’lgan. 19-asrda turli shaklli Bilaguzuklar tayyorlangan. Xorazmda yaxlit Bilaguzuk, Buxoro — Samarqandda shabaka — panjarali Bilaguzuk, Toshkent — Farg’ona vodiysida qoraytirib ishlangan o’yma naqshli yengil Bilaguzuk taqish rasm bo’lgan. Marjonlardan shoda qilib tayyorlangani «puncha» deb atalgan, odatda chaqaloq (so’rg’ichli Bilaguzuk) va ko’zchalar bilagiga taqilgan. Bilaguzuk Toshkent zargarlik zavodida va xalq amaliy san’ati ustalari tomonidan tayyorlanadi. Dilera Faxretdinova.