O’ZBEKISTON FIDOKORLAR MILLIY DEMOKRATIK PARTIYASI
O’ZBEKISTON FIDOKORLAR MILLIY DEMOKRATIK PARTIYASI (FMDP) — O’zbekistondagi siyosiy partiyalardan biri. O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000 yil 25 iyulda ro’yxatga olingan va shu yil Dasturi hamda Ustavi qabul qilingan. Partiyaning asosiy maqsadi erkin bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq, huquqiy demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyati negizlarini barpo etish, aholi turmush darajasini taraqqiy topgan davlatlardagi xalqlarning turmush darajasiga yetkazish, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidan munosib o’rin olishiga amaliy hissa qo’shishdan iborat. FMDP kelajakka yoshlar nazari bilan qaraydi. Yoshlarni yuksak ma’rifatli, bilimdon, g’oyaviy-siyosiy jihatdan hushyor, ma’naviy barkamol bo’lib voyaga yetishini ta’minlashga intiladi va yoshlar manfaatini himoya qiladi. Partiyaning oliy organi qurultoy, u qoida tariqasida, 5 yilda 1 marta chaqiriladi. Zaruratga qarab qurultoy maqomiga ega bo’lgan partiya konferentsiyasi o’tkazilishi mumkin. Partiyaning rahbar organi qurultoy tomonidan saylanadigan Markaziy kengashdir. Markaziy kengash yig’ilishlari oralig’idagi davrda partiyaning kundalik faoliyati Ijroiya kotibiyat tomonidan amalga oshiriladi. FMDPning 12 viloyat partiya tashkiloti, Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent shahri, 203 tuman va shahar, 3500 boshlang’ich partiya tashkiloti bor. FMDP a’zolarining umumiy soni 61750 kishidan iborat (2004 yil noyabr), ularning 65 foizini yoshlar (40 yoshgacha bo’lganlar) tashkil etadi. FMDPning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi 18 deputatdan iborat, fraktsiya rahbari A.S. Tursunov, FMDP fraktsiyasi O’zbekiston Liberal- demokratik partiyasi, «Adolat» sotsial- demokratik partiyasi bilan birga parlamentda «demokratik blok»ka birlashgan. Partiyaning nashri — «Fidokor» gazetasi. Shoira Umarova.