O’QUV FANI
O’QUV FANI — o’quv yurtlarida o’rganish uchun fan, texnika, san’at, ishlab chiqarish faoliyati va boshqalar muayyan sohalardan tanlab olingan bilim, malaka va ko’nikmalar tizimi. O’quv fanining mazmuni shu O’quv fani bo’yicha joriy etilgan davlat ta’lim standarti, o’quv dasturi va darsliklarda o’z aksini topadi. Xususan, O’zbekiston Respublikasida umumiy o’rta ta’lim maktablari (1—9sinflar) uchun 22 nomda O’quv fani joriy etilgan. O’rta maxsus va oliy o’quv yurtlari uchun O’quv fanining soni mazkur o’quv yurtlarining ta’lim yo’nalishlaridan kelib chiqqan holda, O’quv fanining tarkibi, uni o’rganishdagi o’zaro aloqadorlik va izchillik o’quv rejasi bilan belgilanadi. Mazmuniga ko’ra, umumiy ta’lim (umumilmiy) hamda mutaxassisni tayyorlashda kasbini belgilovchi maxsus O’quv faniga ajraladi. O’quv fanining soni, hajmi tegishli vazirlik va boshqalar Markaziy boshqaruv organlari tavsiyasiga binoan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.