«O’ZBEKISTON QIYIN ERIYDIGAN VA O’TGA CHIDAMLI METALLAR KOMBINATI» AKTSIYADORLIK JAMIYATI
«O’ZBEKISTON QIYIN ERIYDIGAN VA O’TGA CHIDAMLI METALLAR KOMBINATI» AKTSIYADORLIK JAMIYATI — rangli Metallurgiya sanoati korxonasi. Chirchiq shahrida joylashgan. Elektrotexnika, po’lat eritish, kon burg’ulash va texnikaning turli sohalarida qo’llaniladigan molibden va volfram kukunlari va simlari, molibdendan kompakt mahsulotlar, kukun metallurgiyasi va eritish usullarida sof nodir yer metallari va volfram, molibden, reniy monokristallari, Prokat qilib cho’zilgan mahsulotlar va ulardan quymalar, kesuvchi va tog’parmalovchi asboblar uchun metallokeramik qattiq quymalar, elektr lampochkalar, xalq iste’moli mahsulotlari ishlab chiqaradi. Ingichka volfram va Qo’ytosh volfram-molibden konlari rudalari hamda mis rudalaridan ajratib olinadigan molibden negizida ishlaydi. Korxona 1951 yilda O’zbekiston qattiq qotishmalar zavodi nomi bilan qurila boshlagan, 1-navbati 1956 yil 5 noyabrda ishga tushirilgan. 1959 yildan shu nomda. 1963 yilda jahonda 1-marta molibden kontsentratsiyasini nitrat kislota bilan ishlab olish texnologiyasi amalga oshirildi, bu esa molibden chiqindilarini qayta ishlash va zanglamaydigan po’lat jihozlardan foydalanish imkonini yaratdi. 1973 yildan sun’iy sheelitni uzluksiz cho’ktirish va ajratib olish hamda pulsasion uskunalardan foydalanib, volframat kislotasini yuvish texnologiyasi joriy qilindi. 1975 yilda sanoat oqavalaridan ammiak va boshqalar zararli moddalarni ajratib olish qurilmasi, 1977 yilda eng yirik tsexlaridan biri — eritishprokat tsexi ishga tushirilgan. 1996 yildan korxonada elektr lampochkalarini ishlab chiqarish o’zlashtirildi. Korxona 2002 yil iyunidan ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. 13 asosiy va 12 yordamchi tsexlari bor. Korxona tarkibida korxona ixtisoslashuvining turli yo’nalishlarida ishlaydigan «Metal keramika» O’zbekiston— Belorussiya, «EKO Texnolodji» O’zbekiston — Panama, «Aziya Renium resurs» O’zbekiston — Britaniya, «O’zmetall Texnolodji» O’zbekiston — Isroil qo’shma korxonalari tashkil etilgan. 1995 yilda korxona mahsulotlari «Oltin globus» (Daniya) sovriniga sazovor bo’ldi. Moskva shahrida vakolatxonasi bor. Ad.: Maksudov P.S., Uzbekskiy Kombinat tugoplavkix i jaroprochngx metallov, Minsk, 1996.
Shuningdek o’qing: O’ZBEKISTON QIZIL YARIM OY JAMIYATI
Qiziqarli: O’zbekististonda qizil yarim oy jamiyati haqida