O’LAN

O’LAN, o’lang — xalq ijodi janri; qo’shiq turi. Dehqon, ayniqsa, ko’chmanchi, yarim ko’chmanchi chorvador xalqlar (o’zbek, qozoq, turkman va boshqalar) aholisi orasida keng tarqalgan. Asosan, ayollar tomonidan childirma (doira) jo’rligida yoki jo’rsiz ijro etiladi. O’zbeklarda to’y marosimi va bazmlarda qizlar bir tomon, yigitlar bir tomon bo’lib yoki ikki kishi tomonidan dialog shaklida ham aytiladi. Ba’zan savol-javobli qo’shiqlar ham O’lan deb ataladi. O’landa xalqning orzuumidlari, qayg’u va shodlik kayfiyatlari o’z ifodasini topgan, ishq-muhabbat mavzusi esa asosiy o’rin egallaydi. Hajviy O’lanlar ham keng tarqalgan. Har bir to’y marosimiga xos O’lanlar mavjud (beshik to’y O’lani, nikoh to’yi O’lanni va boshqalar). O’lan kuylari tor diapazonga, nutqsosh (rechitativ) va kuychan ohanglarga ega bo’lib, ravon usulda aytiladi. Lirik, jozibali, band yoki bandnaqarot shaklida bo’ladi. O’lan «Yor-yor» qo’shiqlariga yaqin bo’lib, ayrim O’lanlarda har bir misra «yor-yor» radifi bilan aytiladi (bu namunalar do’mbira yoki doira jo’rligida ijro etiladi). Qozoq va turkman O’lanlari, asosan, kuychan ohangda, ba’zan o’ynoqi xarakterga ega bo’lib, yakka ijrochi yoki ayollar jamoasi tomonidan ijro etiladi. Rustambek Abdutayev.