BOYOVUT
BOYOVUT — o’zbek qabilalaridan biri. 14-asr tarixchisi Rashiduddinning «Jome attavorix» va Abulg’oziy Bahodirxonning «Shajarayi turk» asarlarida Boyovutlar Movarounnahrga Chingizxon qo’shinlari bilan birga kelgan qabilalar qatorida ko’rsatilgan. Rashiduddinning yozishicha, qadimgi vaqtda Boyovut ancha katta qabilalardan biri bo’lib, bir necha tarmoqqa (bo’lakka) bo’lingan. 13— 14-asrlarda Boyovutlarning katta bir qismi o’zbek, turkman xalqlari tarkibiga kirib, ular bilan aralashib ketgan. Qo’lyozma nasabnomalarning ba’zilarida Boyovut qadimgi 92 o’zbek urug’ining biri sifatida ko’rsatilgan. Qadimgi Boyovut urug’iga mansub bo’lgan kishilarning avlodlari hozirgi Guliston tumanining Boyovut qishlog’ida yashaydilar, ularning shevasi o’zbek tilining qipchoq lahjasiga kiradi. Ad.: Rashidaddin, Djami attavarix, t.1, 4.1, 2 izd., M., 1968; Abulg’ozi, Shajarayi turk, T., 1992.
BOYOVUT (1961-91 yillarda Dmitrove) — Sirdaryo viloyatidagi shaharcha, Boyovut tumanining markazi. Aholisi 13,8 ming kishidan ziyod (2000), asosan o’zbeklar; shuningdek tojik, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Eng yaqin temir yo’l stantsiyasi Farhodgacha 11 kilometr. Boyovut 1950 yillargacha oddiy qishloq bo’lgan. O’sha davrda Mirzacho’lni o’zlashtirish harakati boshlanishi bilan uzoq-yaqindan ko’chib kelganlar va quruvchilar hisobiga kengaydi. «Boyovut» atamasi qabila va joy nomi sifatida Abulg’oziy Bahodirxonning «Shajarayi turk» va «Shajarayi tarokima» asarlarida «Boyo’tti», «Boyovul», «Boyo’tluq» shakllarida uchraydi. Boyovutda paxta tozalash zavodi, don va un kombinati, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxona, tuman tashkilotlari idoralari va dehqon bozori bor. Shaharcha hududidan o’tgan Janubiy Mirzacho’l kanalining o’ng sohilida «Motamsaro ona» yodgorligi o’rnatilgan. Mirzacho’lni o’zlashtirish tarixi muzeyi, kutubxona, internat maktabi, kasb-hunar litseyi, umumiy ta’lim maktablari, madaniyat va istirohat bog’i va boshqalar bor.