BODXIZ QO’RIQXONASI

BODXIZ QO’RIQXONASI — Turkmanistonning Mari viloyatida, Murg’ob va Tajan daryolari oralig’ida joylashgan qo’riqxona. 1941 yilda tashkil etilgan. Maydoni 88 ming gektardan ko’proq. Bodxiz cho’llari tabiati va hayvonot olamini qo’riqlash, pistazorlarni saqlash va parvarishlash, qadimdan bu joylarda yashaydigan qulonlarni qo’riqlash, ko’paytirish bilan shug’ullanadi. Bodxiz qo’riqxonasida chala cho’l o’simliklari o’sadi, arxar, bezoar echkisi, jayran, qoplon, sirtlon, asalxo’r, kemiruvchilar, echkiemar, kapchailon va boshqalar bor. Bu hududlarda qish iliq bo’lganidan G’arbiy Sibir, Qozog’iston, O’rta Osiyoning tog’li o’lkalaridan uchib kelgan parrandalar Kushka vodiysida, shuningdek Murg’ob va Tajan vodiylarida qishlaydi. Bodxiz qo’riqxonasi tarkibida qulon va jayranlar bolalaydigan va suv ichadigan joylardan iborat 3 buyurtma qo’riqxonasi ham bor.