BOSHOYOQLI MOLLYUSKALAR
BOSHOYOQLI MOLLYUSKALAR (Cephalopoda) — yuksak tuzilgan dengiz mollyuskalari sinfi. Tanasi (uzunligi 1 santimetrdan 5 metrgacha) bilateral simmetriyali, odatda, tana va yirik bosh bo’limlaridan iborat. Oyog’i voronkaga aylangan. Tanasi qalin mantiya bilan qoplangan. Ichki organlari keng mantiya bo’shlig’ida joylashgan. Og’iz teshigi atrofida 8 yoki 10 ta paypaslagichlari (oyoqlari) bo’ladi. Paypaslagichlarida bir necha qator bo’lib joylashgan juda ko’p so’rg’ichlari bor. Ko’pchilik turlarining chig’anog’i evolyutsiya jarayonida reduktsiyaga uchragan yoki mantiya burmalari ichida plastinka holida saqlanib qolgan. Haqiqiy chig’anoq faqat nautilusda bo’ladi. Urg’ochi argonavt chig’anog’i esa tuxumlarini olib yurishga moslashgan. Bosh miyasi tog’ay skelet bilan qoplangan. To’tiqush tumshug’iga o’xshash egilgan bir juft jag’lari ozig’ini ushlab turish va maydalash uchun xizmat qiladi. Qirg’ichlari va 2 juft so’lak bezlari bor. Orqa ichagiga siyoh xaltasi yo’li ochiladi. Bosh miyasi yirik, boshining ikki yonida yirik va yaxshi rivojlangan ko’zlari joylashgan. Boshoqli mollyuskalar rangini tez o’zgartirish xususiyatiga ega (niqoblanish). Aksariyat turlarida nur taratuvchi organlari bo’ladi. Qon aylanish sistemasi deyarli yopiq. Ayrim jinsli, ba’zi turlarida jinsiy dimorfizm yaxshi rivojlangan. Erkagi paypaslagichlarining o’zgarishidan hosil bo’ladigan spermatofori (gektokotil) yordamida urug’ hujayralarini urg’ochisining mantiya bo’shlig’iga yoki urug’qabul qilgichiga kiritadi. Tuxumlari yirik, sariq moddasi ko’p. Tuxumdan voyaga etgan davriga o’xshash mollyuska chiqadi. Boshoqli mollyuskalar, odatda, reaktiv usulda faol harakat qiladi. Buning uchun boshining pastida joylashgan 2 ta tirqish orqali suv mantiya bo’shlig’iga kiradi; mantiya devorida muskullar kuchli qisqarganda suv voronkasi orqali kuch bilan otilib chiqib, mollyuska tanasini suradi. Ko’pchilik turlarida tanasining keyingi tomonida va ikki yonida bir juft suzgichlari bo’ladi. Hozirgi Boshoqli mollyuskalarning 650 ga yaqin turi okean va ochiq dengizlarda tarqalgan, 2 ta (to’rt jabralilar, ikki jabralilar) kenja sinfga bo’linadi. To’rt jabralilar eng qadimgi sodda tuzilgan (masalan, Nautilus), ikki jabralilar esa qolgan barcha hozirgi mollyuskalarni o’z ichiga oladi. Pelagik va dengiz tubida hayot kechiradi. Yirtqich, bentofag va plantofag oziqlanadi. Ko’pchilik Boshoqli mollyuskalar go’shti uchun ovlanadi. Ayrim turlari farmatsevtika sanoati uchun xom ashyo hisoblanadi. Dunyo bo’yicha har yili 1,63 million tonnaga yaqin Boshoqli mollyuskalar ovlanadi.