BOSHQARISH
BOSHQARISH (iqtisodiyotda) — xo’jalik ob’yektining iqtisodiy tizimi holatini tartibga solish va yo’naltirish jarayoni; sub’yektlar, idoralar tomonidan kishilar va iqtisodiy ob’yektlarga ongli maqsadga muvofiq ta’sir ko’rsatishni bildiradi, ularning faoliyatini yo’naltirish va ko’zlangan natijalarga erishish maqsadlarida amalga oshiriladi. Boshqarish usullari boshqariladigan ob’yektning o’ziga xos xususiyatlariga bog’liq, lekin hamisha boshqaruv qarori tatbiq etiladigan davrni ajratib olishni nazarda tutadi. Boshqarish xo’jalik faoliyati davrlari uchun ishlab chiqiladigan rejalarga muvofiq holda olib boriladi. Boshqarishning iqtisodiy, ma’muriy va ijtimoiy ruxiy usullari mavjud. Boshqarishning iqtisodiy usulida kutilgan maqsadlarga erishish uchun iqtisodiy vositalardan foydalaniladi. Bu vositalar (rejalashtirish, texnik iqtisodiy tahlil, foyda, rentabellik, narx, kredit, moddiy rag’batlantirish, soliq va boshqa dastaklar)dan to’g’ri foydalanish muhim o’rin tutadi, ishlab chiqarish jamoasini tashkil etadigan kishilarning shaxsiy va guruhiy manfaatlarini yuzaga chiqarish orqali ularning samarali ishlashi ta’minlanadi (masalan, ishchilarga qo’shimcha ish haqi to’lash, mukofotlar berish, bir yo’la katta pul bilan taqdirlash va boshqa rag’batlantirish choralari). Boshqarishning ma’muriy usuli buyruq va farmoyishlar asosida olib boriladi. Ma’muriyat o’z xo’jaligi doirasida bo’limlar, guruhlarni, shuningdek xodimlarni tabaqalashtirib, ularning vazifalari, mas’uliyati va huquqini belgilaydi. Unda rejalashtirish, resurslarni, foydani, tayyor mahsulotni taqsimlash, mablag’lardan foydalanish markazlashtirilgan tartibda olib boriladi. Ijtimoiyruhiy usuldagi Boshqarish ijtimoiy-ma’naviy vaziyatga ta’sir etish orqali kishilarning fe’l-atvori, ruhiyatini hisobga olib, ularning ijtimoiy talabini qondirish yordamida olib boriladi. Boshqarish tarkibiy jihatdan korxona, firma, kompaniya, birlashma va boshqa miqyosida, hududiy jihatdan esa tuman, shahar, viloyat, davlat miqyosida bo’ladi. Boshqarish ishini davlatning boshqaruv organlari yoki boshqaruvchshshr (menejerlar) amalga oshiradi. Boshqarish jarayonida vaziyatni Boshqarish, ya’ni o’zgargan iqtisodiy vaziyatga tezkorlik bilan chora topish muhim o’rin tutadi. Vaziyatni Boshqarishning vazifasi xo’jalik ob’ektini uning uzoq muddatli maqsadlarini amalga oshirishga yunaltirishdan iborat. Boshqarishda mahsulot sifati, xarajatlar, mulk, xatar, bozor, talab, taklif va boshqa masalalar bo’yicha juda muhim qarorlar qabul qilish talab etiladi va ularning kutilgan natijalarga olib kelishi Boshqarishning to’g’ri yoki samaradorliligini tasdiqlaydi. Sadir Salimov.