BOTUXON
BOTUXON, Botu, Sainxon (1208-1255) mo’g’ul xoni, Jrjixonning ikkinchi o’g’li, Chingizxoning nabirasi. Botuxonning onasi Qo’ng’irot urug’idan bo’lgan Elchi noyonning qizi Ukifuj xotun edi. Otasining o’limi (1227)dan keyin Jo’ji ulusini idora qilgan, mo’g’ullarning barcha asosiy harbiy yurishlarida katnashgan. Abulg’oziy Bahodirxonning yozishicha, O’qtoyxon Xitoyni zabt etib, Mo’g’ulistonga qaytib kelgach (1235), Botuxonni Tulixonning o’g’li Munke, o’zining o’g’li Guyukxon va Chig’atoyning o’g’illari hamrohligida rus, cherkas, bulg’or, turo, boshqird va boshqa xalqlar yerlarini bosib olish uchun jo’natadi. Ularga Chingizxonning eng yirik sarkardasi Subutoy Bahodirni harbiy maslahatchi qilib tayinlaydi. Yurishda jami 14 mo’g’ul xoni ishtirok etib, qo’shinning soni 150 mingga yetadi. Botuxon 1236-38 yillarda Volgakama Bulg’oriyasi, alanlar, qipchoqlar, O’rta Volgabo’yi xalqlari, Ryazan, Vladimir knyazliklarini bo’ysundiradi, Moskva, Kolomna, Vladimir, Rostov, Uglich, Yaroslavl, Kostroma kabi 14 rus shahrini bosib oladi. 1240-41 yillarda u Janubiy Rusdagi Kiyev, Vladimirvolinskiy, Galich va boshqa shaharlarni zabt etgach, Karpat dovonlari orqali Vengriyaga kirib qirol Bela IV ning 60 minglik qo’shinini tormor keltiradi. So’ng Polshaga bostirib kirib, Legnisa shahri ostonasida polyak va nemis knyazliklarining Birlashgan qo’shinlarini (ritsarlarni) mag’lub qiladi. Keyin u Chexiya, Avstriya, Xorvatiya, Bosniya va Serbiyani zabt etib, Adriatika dengizi bo’yiga chiqadi. Shunda ulug’ qoonning vafot etgani haqida xabar topib, ortiga qaytadi (1242). Botuxon Dunay daryosidan Irtish daryosigacha bo’lgan ulkan hududda Oltin O’rda davlatini barpo qilgan. Flamandlik sayyoh va monax Rubrukning yozishicha, Botuxonning quyi Volga bo’yidagi qarorgohi shu qadar katta maydonni egallaganki, hatto unga butun bir yirik shahar sig’ishi mumkin bo’lgan. Qarorgoh markazida Botuxon chodiri joylashgan. Uning Janub, ya’ni eshik tomonigina ochiq qoddirilib, qolgan taraflarida har bir mo’g’ul qavmi o’zi uchun tayin qilingan joyga o’tovlar tikkan. Botuxon mamlakatda savdo-sotiq va hunarmandchilikni taraqqiy ettirishga katta e’tibor bergan. Volganing Sharqiy qirg’og’ida Astraxon (Ashtarxon) shahri yaqinida o’ziga poytaxt shahar — Saroybotuni qurdirgan. U mo’g’ullar imperiyasidagi davlat to’ntarishi (1251) da qatnashib, Munke (mangu)ning ulug qoon (xoqon) bo’lmog’iga ko’maklashgan. Ad.:Grekov B. D.,Yakubovskiy A. Yu., Oltin O’rda va uning qulashi, T., 1966.