BO’G’IM

BO’G’IM — suyaklar (ba’zan paylar) ning harakatchan birikishi, bunda birikkan yuza oralig’ida bo’shliq (yoriq) bo’ladi. Bo’g’im hosil bo’lishida ishtirok etadigan suyaklarning (birida bo’g’im boshchasi, ikkinchisida esa bo’g’im chuqurchasi bo’ladi) sinovial suyuqlik bilan to’la. Bo’g’im bo’shligi va Bo’g’im xaltasi farq qilinadi. Suyaklarning bir-biriga birikkan uchlari bir xilda bo’lmaydi. Ko’pincha oyoq-qo’lning naysimon suyaklari Bo’g’im sohasida yo’g’onlashib, boshcha, suyakning qarama-qarshi yuzasida esa botiqchalar va maydonchalar hosil qiladi. Suyaklarning Bo’g’im yuzalari Bo’g’im paylari bilan qoplangan bo’lib, ular harakat vaqgida sodir bo’ladigan zarblarni kamaytiradi, Bo’g’imning erkin va elastik harakat qilishiga imkon beradi. Bo’g’im hosil qilishda ishtirok etadigan suyaklarning uchlari biriktiruvchi to’qimadan tuzilgan bo’lib, Bo’g’im xaltasi bilan, ichki tomondan esa sinovial parda bilan o’ralgan. Bu parda paylar yuzasini namlab turuvchi va ular harakatini yengillashtiruvchi suyuqlik ishlab chiqaradi, aks holda harakat chog’ida Bo’g’im hosil qilgan suyaklarning yuzalari o’zaro ishqalanib og’riq paydo qiladi va harakat cheklanadi. Ko’pchilik Bo’g’im xaltasi boylamlar bilan mustahkam o’ralgan. Bo’g’im yuzalarining shakliga qarab sharsimon (ko’p o’qli), g’altaksimon (bir o’qli), tuxumsimon (ikki o’qli) va boshqalar. Bo’g’imlar bo’ladi. Sharsimon boshchali suyak Bo’g’imi (masalan, yelka suyagi Bo’g’imi) eng serharakat hisoblanadi, tuxumsimon boshchali suyak Bo’g’imi (masalan, boldiroyoq panjasi Bo’g’imi) da bukilish yozilishdan boshqa harakatlar chegaralangan; ba’zi suyak Bo’g’imlari (masalan, bilaktirsak Bo’g’imida bilak suyagi) aylanma harakat qilishi mumkin. Qator Bo’g’imlarning yordamchi tuzilmalari bo’lib, ularni Bo’g’im paylari (tizza Bo’g’imi, jag’ Bo’g’imi), disklar, menisklar bir-biriga moslashtirib turadi. Ba’zi suyaklar o’zaro Bo’g’im yordamisiz, biriktiruvchi to’qimalar, boylamlar va paylar yordamida birikkan bo’ladi (masalan, kalla suyagi orasidagi choklar, chanoqboylamlari, umurtqalar orasidagi pay disklari va boshqalar). Bo’g’im harakati odamning tik yurishi, bukilishi, ishlashi va boshqa holatlarini ta’minlaydi. Bo’g’im sovuqqa, kasalliklarga, shikastlarga, moddalar almashinuvi buzilishiga o’ta ta’sirchan bo’ladi, shu bois uni bu illatlardan himoya qilish lozim. Muntazam ravishda badan tarbiya bilan shug’ullanish Bo’g’imni mustahkamlaydi va ularni tashqi muhit ta’sirotlariga chidamini oshiradi. Bo’g’im kasalliklaridan uning shikastlanishi (suyak chiqishi), artroz (tug’ma yoki moddalar almashinuvining izdan chiqishi tufayli), Bo’g’im yallig’lanishi (artrit) ko’proq uchraydi. Shuningdek, Bo’g’imlarning qimirlamay qolishi (ankiloz), harakatining vaqtincha yoki butunlay cheklanishi (kontraktura) kuzatiladi. Nosir Ahmedov.

BO’G’IM — 1) (botanikada) poya va novdaning barg, kurtak, ba’zan qo’shimcha ildiz hosil qiladigan qismi (nudus). Boshlang’ich barg bilan birga o’sish konusidan shakllanadi. Bo’g’im orqali bargdan o’tkazuvchi nay tolali boylamlar poyaga o’tadi. Poya bilan novdaning 2 bo’g’im o’rtasidagi qismi Bo’g’im oralig’i deyiladi; 2) umurtqasiz hayvonlar (bo’g’imoyoqlilar, halqalilar) ning bir qancha guruhlarida tana va organlar (masalan, oyoqlar, mo’ylovlar, ko’krak yoki qorin) ning ayrim qismlarini o’zaro harakatchan tutashtirib turadigan strukturasi (segmentatsiya); 3) umurtqali hayvonlar va odamlar suyaklarining harakatchan birikishini ta’minlaydigan struktura (articulatio). Umurtqali hayvonda Bo’g’imning asosiy elementi o’zaro harakatchan qo’shiladigan suyaklarning tog’ay bilan qoplangan yuzasi, suyaklarni ajratib turuvchi va sinovial suyuqlik bilan to’lgan bo’shliq, bu bo’shliqni chegaralab turuvchi bo’g’im kapsulasi (xaltasi) dan iborat. Hayvonlar evolyutsiyasi davomida harakatlanishning takomillashuvi bilan Bo’g’imning shakli va xususiyati o’zgarib borgan. Yuzasi shakliga binoan Bo’g’im sharsimon, ellipssimon, egarsimon va boshqa xilda; siljish yo’nalishi va darajasiga binoan harakatchan, chala harakatchan, bir, ikki va ko’p o’qli bo’ladi. Bo’g’imning erkin harakatlanish darajasini uning shakli, bo’rtiqlari, paylarning tarangligi, kapsulalar cheklab turadi. Sinovial suyuqlik Bo’g’im yuzasining siljishi, tormozlanishini ta’minlaydi.