BRYUSOV VALERIY YAKOVLEVICH

BRYUSOV VALERIY YAKOVLEVICH [1873.1. (13). 12 Moskva 1924.9.10] rus yozuvchisi, dramaturg. Moskva universitetini bitirgan (1899). Ilk she’rlari G’arb she’riyati ta’sirida yozilgan (1894— 95). «Durdonalar» (1895), «Bu — men» (1897), «Uchinchi qorovul» (1900) to’plamlari Bryusov ijodi kamolotidan darak beradi. Mazkur asarlarda uning ijodiga xos ilg’or xususiyatlar — obrazlarning maromiga yetganligi, har bir she’r va butun kitobning qat’iy kompozisiyaga egaligi, notiqlik san’atining kuchliligi sezilib turadi. «Odamovilar» (1900-01) dostonida o’sha davr tuzumi keskin tanqid qilinadi. «Shaharlarga va jahonga» (1903) to’plamiga kirgan asarlarida ishchi mehnati madh etiladi. Bryusov 20-asr boshlarida rus adabiyotidagi modern va simvolizm oqimi rahnamosi bo’ldi. «Gulchambar» (1906) she’riy to’plami shoirning romantik ruhdagi eng yaxshi asari sanaladi. «Barcha motivlar» (1909), «Soyalar ko’zgusi» (1912), «Kamalakning yetti rangi» (1916) she’riy to’plamlarida rus jamiyatidagi, kishilar ruhiyatidagi o’zgarishlar tasvirlanadi. «Olov farishta» (1908), «Zafar mehrobi» (1913) tarixiy romanlarida zamonaviy voqealarga monand mavzular topa bilgan. «Yer» dramasida kelajak haqida fikr yuritiladi. «So’nggi orzular» (1920), «Bunday kunlarda» (1921), «Daqiqa», «Yiroq-yiroqlar» (1922), «Shoshil» (1924) she’riy to’plamlarida Bryusov davrga hamnafas shoir sifatida namoyon bo’ladi. Bryusov adabiy tanqidchi sifatida ham ijod etgan («Rus she’riyatida yangi oqimlar», 1913; «She’r haqida fan», 1919 va boshqalar).