BUYRAK SANCHIG’I

BUYRAK SANCHIG’I — buyrakning ayrim kasalliklari belgisi. Birdaniga belda qattiq og’riq turadi, ba’zan u chov sohasiga, songa, jinsiy a’zolarga tarqaladi. Og’riqning zo’ridan bemor o’zini qo’ygani joy topa olmay qoladi. Ba’zan sanchiq vaqtida kasal bot-bot siyadi (bu toshning siydik nayining qovuq oldi yoki qovuq ichida turganini bildiradi), qayt qiladi, el chiqmaydi, qorni dam bo’ladi, harorati ko’tariladi, taxikardiya, qonda leykositoz, ECHT tezlashadi. Buyrak sanchig’i ko’pincha siydiktosh kasalligida, siydik yo’llarida tuzlar to’planib qolganda, gidronefroz, nefroptoz, buyrak sili hamda siydik nayi va buyrakning boshqa kasalliklari natijasida yuzaga keladi. Buyrak sanchig’ini o’zga xastaliklardan farqlashda urografiya juda qo’l keladi. Sanchiq qayerda va qay tarzda bo’lishidan qati nazar darhol tez yordam chaqirish lozim. Chunki qorin bo’shlig’ining boshqa o’tkir jarrohlik kasalliklarida ham shunday sanchiq bo’lishi mumkin. Bunday hollarda kasallikni aniqlamasdan turib, o’z bilgicha issiq yoki turlicha dori-darmonlar qilish yaramaydi, aks holda tuzatib bo’lmaydigan og’ir asoratlarga olib kelishi mumkin. «Tez yordam» kelguncha papaverin, noshpa yoki platifillin tabletkalarini berish yoki in’ektsiyalarini qilish mumkin.