BUYRAK USTI BEZLARI

BUYRAK USTI BEZLARI (glandula syprarenalis) — odam va umurtqali hayvonlarning ichki sekresiya bezi; ikkala (o’ng va chap) buyrak ustida joylashgan juft bez (nomi shundan kelib chiqqan). Uning oldi, orqa va pastki yuzalari farq qilinadi, og’irligi 3— 5G. Buyrak usti bezlari tashqi—po’stloq qavati (adrenokortikal bez) va ichki — mag’iz qavati (adrenal bez)dan iborat bo’lib, har ikkala qavat strukturasi va funktsiyasi alohida ichki sekresiya bezlari hisoblanadi. Po’stloq qavati kimyoviy tuzilishiga ko’ra steroidlar qatoriga kiradigan, ta’siri jihatdan farq qiladigan 3 xil gormon ishlab chiqaradi, shiralari konga shimiladi. Mineralokortikoidlar (aldosteron, kortikosteron, dezoksikortikosteron) — mineral almashinuvini boshqaradi, bularning eng faoli aldosterone organizmda suv tuz almashinuvi jarayoniga ta’sir etadi. GL yukokortikoidlardan gidrokortizon oqsil, yog’va uglevod almashinuvida qatnashadi, organizmning kasallikka qarshilik kuchini oshirib, yallig’lanishning tez tuzalishiga olib keladi. Buyrak usti bezlari po’stloq qavatining jinsiy gormonlari — androgenlar va estrogenlar jinsiy bezlar faoliyatini boshqaradi, bolalik davrida jinsiy a’zolarning rivojlanishini ta’minlaydi; balog’at yoshiga yetganda bu gormonning ahamiyati kamayadi. Buyrak usti bezlari mag’iz qavatida adrenalin va noradrenalin gormonlari ishlanadi. Ular nerv oxirlariga ta’sir etib, yuraktomir sistemasi ishini tartibga solib turadi. Buyrak usti bezlarining shikastlanishi turli kasalliklar (masalan, Bronza kasalligi)ga olib keladi. Buyrak usti bezlari faoliyatini nerv sistemasi va bosh miya po’stlog’i idora etadi.