BULOQBOSHI TUMANI

BULOQBOSHI TUMANI — Andijon viloyatidagi tuman. Viloyatning janubida. 1992 yil 3 aprelda tashkil etilgan. Buloqboshi tumani shimol va Sharqda Andijon va Xo’jaobod tumanlari, g’arbda Asaka va Marhamat tumanlari, Janub va Janubi g’arbda Qirg’iziston Respublikasining O’sh viloyati Aravon tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,18 ming kilometr kvadrat. Aholisi 96,5 ming kishi (2000). Buloqboshi tumanida 1 shaharcha (Andijon), 5 qishloq fuqarolari yig’ini (Buloqboshi, Nayman, Shirmonbuloq, Moyariq, Kulla) bor. Markazi — Buloqboshi qishlog’i. Tabiati. Tuman hududi tog’va tog’oldi tekisliklaridan iborat. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 3,5°, iyulniki 26°. Yiliga 180-190 millimetr yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 230 kun. Tuman hududidan Janub Farg’ona kanali, Aravonsoy oqib o’tadi. Tekisliklar bo’z, qo’ng’ir tuproqlar, adirlar qumtosh, mergel, lyoss va chaqirtoshlar bilan qoplangan. Yovvoyi o’simliklardan sho’ra, shuvoq, momaqaymoq. yalpiz, qamish, bangidevona, yantoq, otquloq, yulg’un, ajriq, qirqbo’g’in, g’umay, quypichan, qo’ytikan o’sadi. Echkemar, qashqaldoq, toshbaqa, jayran, tulki, ilon, kaltakesak, tipratikan; qushlardan kaklik, bedana, laylak, yovvoyi o’rdak, so’fito’rg’ay, sassiqpopishak, qarg’a, zag’izg’on, mayna, boyo’g’li, burgut va boshqalar yashaydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek qirg’iz, qozoq, tojik, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga 529 kishi to’g’ri keladi (2000). Shaharliklar 4,1 ming kishi, qishloq aholisi 92,4 ming kishi. Xo’jaligi. Buloqboshi tumani asosan paxtachilikka ixtisoslashgan. Tumanda 2 GES, «Buloqboshi ipagi» korxonasi, badiiy buyumlar, trikotaj fabrikasi, poyabzal fabrikasi, tosh koni, xo’jaliklararo mexanizatsiyalashgan ko’chma kolonna, avtokorxona, elektr tarmoqlari bo’limi, MTP bor. Tumanda 65 kichik korxona va firmalar, 17 aktsiyadorlik jamiyati mavjud. Xo’jaliklari chorvachilik, bog’dorchilik, pillachilik, polizchilik, sabzavotchilik bilan shug’ullanadi. Qishloq xo’jaligida sug’oriladigan yerlar 9363 gektar, ekinzorlar 7076 gektar, shu jumladan 3440 gektar yerga paxta, 681 gektar yerga yem-xashak ekinlari, qisman grechixa ekiladi. Buloqboshi tumanida 8 shirkat xo’jaligi, 56 dehqon va chorvachilik fermer xo’jaliklari bor. Tuman xo’jaliklari va xususiy fermalarda 3142 qoramol, 4140 qo’y, 225 ot boqiladi. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Andijon (tuman markazidan 22 kilometr). 1999/2000 o’quv yilida 31 umumiy ta’lim maktabida 22908 o’quvchi, 1 gimnaziyada 136 o’quvchi, 1 litseyda 130 o’quvchi ta’lim oldi. Biznes maktabi, 26 ommaviy kutubxona, 5 klub, 8 qishloq madaniyat uyi, muzey, madaniyat va istirohat bog’i xizmat ko’rsatmoqda. Tumanda 670 o’rinli 32 kasalxona, 5 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 3 poliklinika, 17 feldsher akusherlik punkti, 3 qishloq vrachlik punkti bo’lib, ularda 218 vrach, 980 o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi (1999). 1992 yildan «Buloqboshi» tuman gazetasi chiqadi (adadi 4000).