BUG’DOY
BUG’DOY (Triticum) — g’alladoshlar oilasiga mansub o’tsimon o’simliklar turkumi; eng qadimgi va hozirgi dunyoning ko’pgina mamlakatlarda ekiladigan asosiy don ekini. Somatik hujayralarida xromosomalarning soniga ko’ra farq qiladigan 3 (diploid, tetraploid, geksaploid) qatorga kiradigan 30 ga yaqin yovvoyi va madaniy turlari bor. Jahon dehqonchiligida asosan yumshoq Bug’doy yoki oddiy Bug’doy (T. aestivum, T. vulgare) va qattiq bug’doy (T. durum) ekiladi. Qolgan turlari kam ekiladi yoki butunlay ekilmaydi. Ko’pgina Bug’doy turlari (Ararat, Maxa, Timofeyev bug’doyi, Urartu, fors bug’doyi va boshqalar) ning vatani Zakavkazedir. Bug’doy Old va O’rta Osiyo mamlakatlarida miloddan avvalgi 7-6 ming yilliklarda ma’lum bo’lgan. 17-asrdan boshlab shimoliy Amerikada ekila boshladi. Bug’doy Yer sharida shimolda 66° shu kabilarda (Shvetsiya), Rossiyada esa tajriba maydonlarida 76*44′ shi kabilarda (Murmansk viloyati); Janubda Avstraliya, Janubiy Amerika, Afrikaning Janubiy chegaralarigacha ekiladi. Jahonda Bug’doy ekiladigan maydonlar 250 million gektarga yaqin bo’lib, yetishtiriladigan donning qariyb 30% Bug’doyga to’g’ri keladi (o’rtacha 360 million tonnadan ortiq). Asosiy G’allakor mamlakatlar — Rossiya, Qozog’iston, Xitoy, AQSh, Hindiston, Kanada. O’zbekistonda 90-yillarning boshidan respublikaning g’alla mustaqilligini ta’minlash uchun Bug’doy ekiladigan maydonlar kengaytirildi (1,2 million gektar; 1999). Botanik tavsifi. Bug’doyning ildiz sistemasi popuk ildiz bo’lib, asosiy qismi yerning haydalma qatlamida rivojlanadi, ayrim ildizlar esa 180 santimetrgacha chuqurga kirib boradi. Poyasi — sidirg’a bo’g’imlarga bo’lingan somonpoya, bo’yi 40-130 santimetr. Bug’doyning yotib qolishga chidami va hosildorligi poyaning balandligiga bog’liq. Bargi poyani nayga o’xshab o’rab turadigan barg qini va lenta shaklidagi barg plastinkasidan iborat. To’pguli ko’pgulli boshoqchalardan iborat boshoq. Bug’doyda chetdan changlanish kam uchraydi, ko’proq o’zidan changlanadi. Mevasi — don. Doni yalang’och (polba Bug’doylarda pardali), ovalsimon, tuxumsimon, cho’ziq yoki sharsimon shaklda, qorin tomonida uzunasiga ketgan egatchali, oq yoki qizg’ishqo’ng’ir rangli bo’ladi. Bo’liqligi jihatidan yumshoq (urvoqdi) yoki qattiq (yaltiroq, qayroqi) Bug’doyga bo’linadi. 1000 ta doni vazni 20— 70 gramm. Yumshoq Bug’doy boshog’i qiltiqli va qiltiqsiz, qiltig’i boshog’idan qaltaroq; doni oq yoki qizg’ish, ko’ndalang kesimi dumaloq, ichi asosan unsimon. Qattiq Bug’doy boshog’i zich, asosan qiltiqli, qiltiqlari boshog’idan uzun va tik o’sadi. Xo’jalik ahamiyati. Doni to’yimli, tarkibida oqsil (selektsion navlarida 10-12% dan 20-25% gacha, yovvoyi turlarida 25-30% gacha), kraxmal (60— 64%), shuningdek yog’lar (2%), vitaminlar, fermentlar, mineral moddalar va boshqalar bor. Doni, kepagi va boshqa chiqindilari qimmatli yem, aralash yem sanoati uchun xom ashyo. Somoni yemxashak va to’shama, qurilish materiali; poyasi qog’oz, karton, o’rov materiali ishlab chiqarish, savatlar, qalpoqlar to’qish uchun ishlatiladi va hokazolar. Ko’k massasi molga beriladi, shuningdek silos qilinadi. Bug’doy donidan turli navli unlar, yorma, spirt, kraxmal va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. Biologik xususiyatlari. Bug’doy— bir yillik o’simlik, har xil tur va shakllarni duragaylash yo’li bilan ko’p yillik Bug’doy navlari yaratilgan. Kuzgi, bahori, yarim kuzgi va kuz hamda bahorda ekilganida ham hosil beradigan (Duoba) turlari ham bor. Kuzgi Bug’doy bahorgisidan biologik jyhatdan farq qiladi, sovuqqa va qurg’oqchilikka chidamli, tuproq harorati 4-5° bo’lganda unib chiqadi. Ayniqsa boshoqlash davrida namga talabchan. Vegetatsiya davrida kuzgi Bug’doy uchun 2100°, bahori Bug’doy uchun kamida 1300° samarali harorat talab etiladi. Qurg’oqchilik hosiddorlikni pasaytiradi. Kuzgi bug’doyning vegetatsiya davri kuzda 45— 50, bahor—yozda 75-100 kun, bahori bug’doyniki 90— 100 kun. Kuzgi bug’doy qor qoplami qalin bo’lganda -35° gacha sovuqqa chidaydi. Bahori bug’doy maysalari —8— 10° daraja sovuqqa bardosh beradi. Kuzgi Bug’doy hosildorligi suvli yerlarda 20— 25 (ayrim hollarda 70-80) ts/ga, lalmi yerlarda bahori Bug’doy hosildorligi 12-18 ts/ga boradi. Agrotexnikasi. Sug’oriladigan mintaqalarda kuzgi Bug’doyni makkajo’xori, g’o’za, kartoshka va boshqa dala ekinlaridan bo’shagan unumdor yerlarga ekish tavsiya etiladi. Nordon va sho’rlangan tuproqda yaxshi o’smaydi. Ekish usuli yoppasiga qatorlab (qator orasi 12— 15 santimetr) yoki tor qatorlab (qator orasi 7-8 santimetr) ekiladi. Ekish me’yori — lalmi yerlarda gektariga 70-110 kilogramm, sug’oriladigan mintaqalarda gektariga 170-200 kilogramm, ekish chuqurligi 4-6 santimetr; kuzgi Bug’doy chuqurroq ekiladi, ekish me’yori 10-15% ortiq olinadi, urug’lik ekish oldidan saralanib, dorilanadi. O’zbekistonning sug’oriladigan sharoitida Bug’doy ekiladigan yerga ekish oldindan 10-15 tonna go’ng, 40-80 kilogramm fosfor, 40-100 kilogramm azot, kaliy solinadi, o’suv davrida ham ekinzor o’g’itlanadi, suvli yerlarda o’suv davrida 2-3 marta sug’oriladi, O’zbekistonda pishib yetilgan bug’doyzorlar yoppasiga bir yo’la g’alla kombaynlari bilan o’rib yig’ib olinadi. Navlari. O’zbekistonda 1937-96 yillarda Bug’doy bo’yicha 6 marta (1937-61; 1944-64; 1960-65; 1963-75; 1970-80; 1980-85; 1990-95) nav almashtirildi. Bug’doy bo’yicha urug’lik va yangi Bug’doy navlarini yaratishda Milyutin (G’allaorol) davlat selektsiya stansiyasi [1937; hozirgi Suvli yerlarda boshoqli va dukkakli ekinlar ilmiy tadqiqot instituti (Andijon shahri) ning G’allaorol filiali] muhim ishlarni amalga oshirdi. Sug’oriladigan maydonlarda Bug’doyning qiltiqsiz (Bezostaya 1), unumli bug’doy, Sete Tserros, Sangzor 4, intensiv, yonbosh, lalmi yerlarda Qizil bug’doy (qadimgi jaydari nav). Qizil Shalola (Krasnovodopadskaya 210), Surxok 5688, tezpishar va boshqa navlari ekiladi. 1995 yildan Rossiyaning Krasnodar o’lkasi, Ukrainadan keltirib ekilayotgan Skifyanka, Yuna navlari sug’oriladigan maydonlarda gektaridan 50-70 tsentner hosil berish imkoniyatiga ega. Bug’doy zararkunandalari: don tunlami, Gessen pashshasi, Ko’kko’z, shved pashshasi, hasva va boshqalar. Kasalliklari: qorakuya, qora zang, unshudring va boshqalar. Ad.: Kazakov E. D., Zernovedenie s osnovami rastenievodstva, 3 izd., M., 1983; Udachin R. A., Shaxmedov I. Sh., Pshenisa v Sredney Azii, T., 1984; Pshenisi mira, 2izd., L., 1987. Ko’ziboy Dushamov.