BUG’DOY NEMATODASI
BUG’DOY NEMATODASI (Anguina tritici) — bug’doy, javdar, arpa, suli va boshqa boshoqli ekinlar boshog’ida g’udda (galla)lar paydo qiladigan zararkunanda to’garak chuvalchang. O’simlik Bug’doy nematodasi bilan qattiq zararlanganda boshog’i maydalashib o’smay qoladi, doni o’rnida g’udda (galla)lar paydo bo’ladi. G’uddalar dondan kichikroq, juda pishiq, jigarrang pust bilan qoplangan bo’lib, har bir g’udda ichida 5-15 mingtagacha lichinka bo’ladi. Yerga to’kilgan g’uddalar ivib yoriladi. Undan chiqqan lichinkalar maisa tanasini teshib kirib, barg qo’ltiqlariga ko’tariladi, gul murtagiga joylashib, o’simlikni kasallantiradi. Bug’doy nematodasi don, poxol hamda qishloq xo’jalik asbob-uskunalari vositasi bilan tarqaladi. Bug’doy nematodasi 20-asrning o’rtalarigacha — 1937 yilda g’uddalar aralashgan urug’likni ekish man qilinishiga qadar ko’p tarqalgan edi. Hozir Bug’doy nematodasi MDH hududida deyarli tugatilgan. Kurash choralari: zararlanmagan sog’lom urug’lik ekish, Bug’doy nematodasi paydo bo’lgan mintaqalardan don olib chiqishni taqiqlash, zararlangan donlarni alohida xirmonlarda yanchish va tozalash.