O’PKA ABSSESSI

O’PKA ABSSESSI — o’pkadagi yiring boylagan joy. Nafas yo’llariga yiring paydo qiluvchi mikroblar (stafilokokk, streptokokk, pnevmokokk va boshqalar) tushishi sabab bo’ladi. O’pkaga anaerob mikroorganizmlar tushganida o’pka to’qimalari irib yemiriladi, o’pka gangrenasi paydo bo’ladi. O’pka abssessi va o’pka gangrenasi, asosan, o’pkaning krupoz yoki o’choqli yallig’lanishi, shuningdek, nafas a’zolarining surunkali kasalliklari, xususan, bronxoektazlarning asorati sifatida namoyon bo’ladi. Nafas yo’llariga yot jismlar tushishi, ko’krak bo’shlig’i yoki o’pkaning shikastlanishi ham O’pka abssessiga sabab bo’lishi mumkin. O’pka abssessi va o’pka gangrenasiga ko’proq kamquvvat, zaifroq (mudom araq ichaverib ozib-to’zib ketgan) kishilar chalinadi. Bemorni mutaxassis vrach davolaydi. O’pka yallig’lanishini yaxshi naf beradigan vositalar yordamida asoratlarsiz tuzatib yuborish tufayli O’pka abssessi bir qadar kam uchraydi.