O’RIK TUNLAMI

O’RIK TUNLAMI — o’rik daraxti zararkunandasi. Ba’zan behini ham zararlaydi. O’rta Osiyoda, ayniqsa, Farg’ona vodiysi va Tojikistonning ayrim tumanlarida tarqalgan. Bargi, guli va mevalariga zarar yetkazadi. O’rik tunlami qanotlari sariqpushti, orqa qanotlari oqimtir, keng hoshiya va unga parallel ko’kimtir yo’lchasi bor. Tuxumi sharsimon, 1 millimetr, qurti yashil, 2,5 santimetr. G’umbagi 13-14 millimetr, qo’ng’ir, pillaga o’ralgan. O’rik tunlami tuxumlik bosqichida qishlaydi. Qurtlari ko’klamda barglar yozilishidan sal oldin paydo bo’ladi, asosan, tunda oziklanadi. Bir oydan keyin rivojlanishni tugallab, yerga tushadi. Xazonlar tagida yoki tuproq yuza qavatida pilla o’raydi va 2-3 hafta o’tgach, voyaga yetgan kapalaklar uchib chiqadi. Ayrim qurtlari devor yoriqlari, daraxtlarning eski po’stloqlari yoriqlarida uchraydi. 300-400 tagacha tuxum qo’yadi, tuxumi lentasimon, yilda bir marta avlod beradi. Kurash choralari: gullashdan oldin va gullashdan keyin daraxtlarga insektitsidlar (fozalon, zolon, tsitrofosning 0,2—0,3% li eritmasi) bilan ishlov beriladi.