O’RIK FILCHASI

O’RIK FILCHASI — o’rik daraxti zararkunandasi. Olcha, gilos va bodomni ham zararlaydi. O’zbekiston va Tojikistonda tarqalgan. Asosan, katta yoshdagi daraxtlarning mevasini, po’stlog’i, kurtaklarini zararlaydi. Qo’ng’izi to’q yashil, xartumsiz, 9,5— 11,4 mm, xartumi 2,05—2,8 mm. Oldingi oyog’i o’rta va keyingi oyoqlaridan uzun. Tuxumi oq, dumaloq-cho’zinchoq. G’umbagi oq, malla tusda, 7-7,5 mm. Lichinkalari tuproqda 4-12 santimetr chuqurlikda qishlaydi. Mart— mayda tuproqdan chiqadi. Urg’ochisi 84-112 tagacha tuxum qo’yadi. 8-12 kunda tuxumdan lichinka chiqadi, rivojlanish davri 23-30 kun. Daraxtning zararlangan joyidan yelim ajrala boshlaydi. O’rik pishish davrida lichinkalar mevadan chiqib yerga tushadi va tuproq ostida g’umbakka aylanadi. Yiliga bir marta avlod beradi. Kurash choralari: daraxtlar osti avgust va sentyabr boshlarida chopib yumshatiladi, qishda sug’oriladi, daraxtlarga gullashdan oldin va gullashdan keyin insektisidlar bilan ishlov beriladi.