«O’RINBOY»
«O’RINBOY»— ertapishar tarvuz navi. O’zbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tekshirish instituti va Toshkent davlat agrar universiteti olimlari hamkorlikda yaratgan (V.I.Zuee, O’.Karimshoev, R.G’anixo’jayeva). Palagi o’rtacha, yon shoxlari va barglarining soni o’rtacha. Barglari konussimon, mayin tukli. Mevasi dumaloq, yuzasi silliq. Tusi och yashil, siyrak to’q yashil tasmalari bor, og’irligi 2,0—2,5 kilogramm. Po’sti qattiq, eti to’q pushti rangda, sersuv, shirali, nisbatan kam tolali. Tarkibida quruq modda miqdori 6,1%, qand miqdori 5,2%. Niholi unib chiqqanidan keyin birinchi hosili 75-80 kunda pishadi. Hosildorligi 230-250 tsentner/gektar. 1997 yildan O’zbekistonning barcha viloyatlarida ekish uchun davlat reyestriga kiritilgan.