O’RINDOSHLIK
O’RINDOSHLIK — asosiy lavozim bilan bir vaqtda boshqa maoshli lavozimni egallab turish, shuningdek, asosiy ishdan tashqari haq to’lanadigan boshqa ishni muntazam bajarish. O’zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligiga ko’ra, O’rindoshlik bo’yicha ishga qabul qilish mehnat shartnomasi tuzish va ishga qabul qilish haqida buyruq chiqarish yo’li bilan rasmiylashtiriladi. O’rindoshlik bo’yicha ishga kirayotgan shaxsdan u ishlab turgan korxona tomonidan ruxsat berilishi, mehnat daftarchasi talab etilmaydi, uning o’rniga doimiy ish joyidan ma’lumotnoma taqdim etilishi lozim. Xodimning iltimosi bilan uning doimiy ish joyida O’rindoshlik bo’yicha ishlayotgani haqida daftarchasiga yozuv kiritilishi mumkin. O’rindoshlik. bo’yicha ishlayotgan shaxs o’rniga doimiy xodim ishga qabul qilinishi munosabati bilan ishdan bo’shatilishi mumkin (O’zbekiston Respublikasining MK, 100-modda, 2-qism, 5-band). O’rindoshlik bo’yicha ishlayotgan shaxsning ish vaqti 1 kunda 4 soatdan ko’p bo’lishi mumkin emas (dam olish kunlari to’liq ish kuni). O’rindoshning ish vaqti jami oylik ish vaqti normasining yarmidan ko’payib ketishiga yo’l qo’yilmaydi. Faqat bitta joyda O’rindoshlik asosida ishlash mumkin. O’rindoshlik bo’yicha ishlayotgan shaxs umumiy asoslarda yillik mehnat ta’tilidan foydalanadi va unga asosiy ish joyidagi ta’til bilan bir vaqtda ta’til berilishi lozim. Ta’til vaqti uchun o’rindosh xodimning ish joyi (lavozimi) hamda o’rtacha ish haqi saqlanadi. Bir paytning o’zida ikki rahbarlik lavozimida O’rindoshlik bo’yicha ishlash mumkin emas. O’rindosh xodimga amalda bajargan ish hajmiga ko’ra (agar ishbay ishlasa) yoki ishlagan va ishiga mutanosib holda (vaqtbay ishlasa — 0,5 stavkadan ko’p bo’lmagan miqdorda) ish haqi to’lanadi. Korxonada belgilangan mukofot va boshqalar ustama haqlar jamoa shartnomasida belgilab qo’yilgani bo’yicha o’rindosh xodimga ham to’lanishi, unga korxona xodimlari uchun belgilangan boshqa imtiyozlar berilishi, kafolatli to’lovlar to’lanishi mumkin. Ularni xizmat safariga yuborish kelishuvga ko’ra va asosiy ish joyidagi ish xususiyatlari hisobga olingani holda amalga oshiriladi. Ta’lim, sog’liqni saqlash, madaniyat, san’at va boshqalar ayrim soha mutaxassislarining ba’zi toifalariga bir necha muassasada O’rindoshlik bo’yicha ishlashiga ruxsat etiladi. 18 yoshga to’lmagan xodimlarning O’rindoshlik bo’yicha ishlashiga ruxsat etilmaydi. Shuningdek, ishining xususiyati (intensivligi, xatarlilik darajasi va boshqalar) hisobga olingani holda ayrim toifa xodimlarning O’rindoshlik bo’yicha ishlashi korxona ish beruvchisi tomonidan xodimlar vakillik organi bilan kelishilgan holda cheklab qo’yilishi mumkin. Davlat xizmatchilarining ayrim toifalari (masalan, prokuratura, davlat soliq xizmati organlari xodimlari, sudyalar, notariuslar, bank boshqaruvchilari va boshqalar) uchun O’rindoshlik bo’yicha ishlash qonun hujjatlari bilan taqiqlanadi. Yo’ldosh Tursunov.