O’RMON FONDI

O’RMON FONDI — mamlakat hududidagi jami o’rmonlar majmui. O’zbekistonda o’rmonlar davlat mulki — umummilliy boylik bo’lib, davlat tomonidan qo’riqlanadi va yagona davlat O’rmon fondi deb ataladi. Davlat O’rmon fondi davlat ahamiyatiga ega bo’lgan (davlat o’rmon xo’jaligi organlari qaramog’idagi o’rmonlar) hamda boshqa idoralar va yuridik shaxslar foydalanadigan o’rmonlarga bo’linadi. Qishloq xo’jaligi uchun mo’ljallangan yerlardagi daraxtlar va to’p-to’p daraxtlar, ekinzorlarning ihota daraxtzorlari, shuningdek, boshqa daraxtzorlar va butalar; temir yo’l, avtomobil yo’llari, kanallar va boshqalar suv ob’yektlarining ajratilgan mintaqalaridagi ihota daraxtzorlari; shaharlar va boshqalar aholi punktlaridagi to’pto’p daraxtlar, shuningdek, ko’kalamzorlashtirish uchun ekilgan o’simliklar; tomorqalardagi va bog’ uchastkalaridagi daraxtlar hamda to’p-to’p daraxtlar davlat O’rmon fondi tarkibiga kirmaydi. O’rmon bilan qoplangan yerlar, shuningdek, o’rmon bilan qoplanmagan, ammo o’rmon xo’jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yerlar O’rmon fondi yerlari deb ataladi. O’zbekistonda O’rmon fondi tog’ o’rmonlari (tog’lar qiyaliklaridagi archazorlar, pistazorlar, yong’oqzorlar va boshqalardan tashkil topgan o’rmonlar), qumli cho’l o’rmonlari (saksovul, qandim, cherkez va boshqalar o’sadigan hamda qorako’lchilikda yaylov sifatida foydalaniladigan cho’llar), to’qay o’rmonlari (Daryo yoqalarida, Daryo orollarida o’sadigan turang’il, jiyda, yulg’un, chingil, shumtol va boshqalar daraxtzorlar va butazorlar)dan tashkil topgan. O’zbekistonda O’rmon fondi umumiy yer maydoni 8544,1 ming gektar yoki Respublika umumiy yer maydonining 20% ni tashkil qiladi (2004). O’rmon bilan qoplangan maydonlar (ming gektar) — 2391,4 shu jumladan, sun’iy o’rmonlar 207,1, yosh o’rmonzorlar 152,9; siyrak o’rmonlar — 247,8; daraxtsiz, ochiq maydonlar — 285,3. O’rmonlarning xalq xo’jaligidagi ahamiyatini hisobga olgan holda O’zbekistondagi barcha o’rmonlar 1-guruh o’rmonlariga kiritilgan (2001). O’rmon fondida alohida qimmatga ega bo’lgan o’rmon mavzelari (ming gektar) — 86,7; davlat qo’riqxona o’rmonlari — 226,8; davlat milliy tabiat bog’lari o’rmonlari — 24,1; ilmiy va tarixiy ahamiyatga ega bo’lgan o’rmonlar — 12,4; eroziya himoya o’rmonlari — 1135,1. O’rmon fondi yerlari tog’ zonasida 1200,9 ming gektarni, qumli cho’llar zonasida 7190,8 ming gektarni, daryo bo’yidagi to’qayzorlarda 88,8 ming gektarni, vodiylarda 52,2 ming gektarni tashkil etadi. O’rmon fondi asosan, cho’l (83,3%) va tog’ (15,7%) zonalarida joylashgan. Respublika O’rmon fondining eng katta maydoni Qoraqalpog’istonda (54,8%), umumiy maydonining 20,8% esa Navoiy viloyatida joylashgan. Abdushukur Xonazarov.