O’RMONSHUNOSLIK

O’RMONSHUNOSLIK — o’rmon hayoti, o’rmonlar yaratish va o’rmon resurslaridan foydalanish to’g’risidagi fan; o’rmonchilikning ilmiy-nazariy asosi. O’rmonshunoslik o’rmonni va uning tarkibiy qismlari biologiyasi, ekologiyasini (o’rmon bilan iqlimning o’zaro bog’liqligi, tuproq va biotik omillarning o’zaro munosabatlarini), o’rmonlarning tiklanish va shakllanish qonunlarini, o’rmon tiplarini va ularning fazo va vaqtda o’zgarishini o’rganadi. 20-asr boshlarida fan sifatida shakllandi. V.V. Dokuchayevning tuproq qoplamlari zonalligi haqidagi ta’limoti hamda o’rmonshunos olimlarning tajribalari asosida rus o’rmonshunosi G.F. Morozov (1867-1920) o’rmon haqidagi ta’limotni yaratdi (1902-12). Tabiiy geografiya, biologiya va boshqalar fanlar asosida rivojlanayotgan O’rmonshunoslik o’rmon resurslaridan foydalanish, ularni tiklash va muhofaza qilish vazifalarini hal etishga xizmat qiladi. O’zbekistonda O’rmonshunoslikning ilmiy muammolari O’zbekiston manazarali bog’dorchilik va o’rmon xo’jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazida o’rganiladi. Ad.: Xonazarov A., O’rmonshunoslik, T., 2001.