O’RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMI
O’RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMI — O’zbekiston Respublikasida uzluksiz ta’lim tizimidagi ta’lim turlaridan biri. O’zbekiston Respublikasining 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan «Ta’lim to’g’risida»gi qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq, umumiy o’rta ta’lim negiziga asoslanadi. Majburiy ta’lim hisoblangan O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tabaqalashtirilgan asosda va shaxs imkoniyatlarini hisobga olgan holda quriladi hamda akademik litsey va kasb- hunar kollejida amalga oshiriladi. O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi o’quvchilar tomonidan umumiy o’rta talim maktabish olingan va o’rta maxsus o’quv yurtlarit olinadigan umumiy ta’lim hamda nazariy va amaliy bilim, ixtisosligi bo’yicha professional malaka va ko’nikmalardan vujudga keladi. O’zbekistonda O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi iqtisodiyot va rejalashtirish, huquq va hujjatlashtirish, ta’lim, sog’liqni saqlash, madaniyat va san’at, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, gidrologiya va meteorologiya, foydali qazilma konlari geologiyasi va razvedkasi, foydali qazilma boyliklarini qazib olish, energetika, metallurgiya, mashinasozlik va metallsozlik, aviasiya texnikasi, avtomobil va traktorlar, energetika mashinasozligi, mashina va jihozlarni ishlatish, ta’mirlash va ularga xizmat ko’rsatish, elektrotexnika, priborsozlik va priborlardan foydalanish, electron texnika, avtomatika va avtomatlashtirish vositalaridan foydalanish, hisoblash texnikasi va avtomatlashtirish tizimlari, radiotexnika va aloqa, transportdan foydalanish, kimyo texnologiyasi, yog’och tayyorlash va uni qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi, keng iste’mol mollari texnologiyasi, me’morlik va qurilish, geodeziya va xaritagrafiya, qishloq va o’rmon xo’jaligi, tovarshunoslik, savdo va umumiy ovqatlanishni tashkil etish hamda xizma ko’rsatish, metrologiya, standartlashtirish va sifat nazorati ixtisosliklari bo’yicha amalga oshiriladi. O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida o’quv yurtlarining asosiy tiplari akademik litsey va kasb-hunar kollejlaridir. Har bir ixtisoslik uchun o’quv fanining muayyan majmuasi va hajmi belgilangan. Bu fanlarni o’rganishda o’quv va ishlab chiqarish amaliyoti keng qo’llaniladi. O’quv fanlari majmuasi va hajmi, har bir ixtisoslik uchun muayyan fanni o’qitish muddati o’quv rejasi bilan belgilanadi hamda O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limining barcha tizimi uchun tasdiqlanadi. O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida o’qish muddati 3 yil o’quv jarayonining asosiy tashkiliy shakli dars, lektsiya, laboratoriya mashg’ulotlari, o’quv va ishlab chiqarish amaliyotlari, referatlar tayyorlashdir. O’quv rejasi bo’yicha butun o’qish davomida nazariy va amaliy mashg’ulotlar qo’shib olib boriladi. O’quv yili davomida o’quvchilar bilimi semestr hamda o’quv yilidan so’ng bo’ladigan sinov va imtihonlarda tekshiriladi. 2004/05 o’quv yili O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida 51518 o’qituvchi, jumladan, 87 fan Doktori va professor, 813 fan nomzodi va dotsent ishladi. O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tashkil etish va rivojlantirishda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 24 Fevraldagi «Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini tashkil etish va ularning faoliyatini boshqarish to’g’risida»gi, 2003 yil 29 oktyabr dagi «umumiy o’rta va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limiga izchil o’tishni ta’minlashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi qarorlari katta ahamiyatga ega bo’ldi. O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limining sifatli ta’lim va kasb-hunar dasturlarini yaratish, ilg’or ilmiy va uslubiy yutuqlar asosida sifatli kadrlar tayyorlash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish instituti tashkil etilgan (1998).