CHAYKIN VADIM AFANASEVICH

CHAYKIN VADIM AFANASEVICH (1886, Kursk gubernyasining Novo-Oskol uezdi — 1941.8.9) — tarixchi va jamoat arbobi. Ufa gimnaziyasida o’qigan. 1904 yildan eserlar partiyasining a’zosi. 1908-15 yillarda qamoq va surgunda bo’lgan. Turkistonda podsho Rossiyasi hukmronligiga qarshi kurashlarda faol qatnashgan. 1916 yil yozidan Andijonda yashagan. Mirkomilboy taklifi bilan Andijon aholisi nomidan Chaykin Ubaydullaxo’ja Asadullaxo’jayev bilan mardikorlikka safarbarlik ishini tekshirish uchun Petrogradga borgan (1916 yil iyul). Chaykin, U. Asadullaxo’jayev, Mustafo Cho’qay hamrohligida A.F.Kerenskiy va Q.B.Tavakkalovdan iborat komissiya Turkistonga keladi. 1917 yilda u siyosiy faoliyatini yanada jonlantirgan. Eserlar partiyasining Turkistondagi rahbarlaridan biri bo’lgan. Butun Rossiya Sovetlarining 1-s’yezdi (Petrograd, 1917 yil iyun) da Chaykin U. Asadullaxo’jayev bilan birgalikda qatnashgan. Rossiya Muvaqqat hukumati Turkiston qo’mitasi raisi (1917 yil iyul sentabr). Oktyabr to’ntarishisj so’ng Chaykin o’ng eser sifatida bolsheviklarga qarshi chiqadi. Rossiya Ta’sis Majlisi a’zosi (1917-18). Chaykin tarixchi olim sifatida 20-asr boshlarida Rossiyada inqilobiy jarayonlar va milliy munosabatlar, narodniklar tarixi, Ukraina va Turkistondagi siyosiy ahvol to’g’risida asarlar yozgan. Uning qo’lyozmalari 1933 yilda 5 jildli kitob shakliga keltirilgan. 1922 yildan boshlab sovet rejimi tomonidan bir necha marta qamalgan va surgun qilingan. SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi qarori bilan Chaykin otib tashlangan (1941 yil 8 sentabr). Ad.: Germanov V.V., Istoriki Turkestana v usloviyax politicheskogo terror 20—30-x godov, T., 2000; A’zamxo’jayev S, Turkiston muxtoriyati, T., 2000; Shamsutdinov R., Istiqlol yo’lida shahid ketganlar, T., 2001.