CHASHNACHILIK

CHASHNACHILIK (fors-tojikcha chashoni — tatib ko’rish, edirish) — uzum, vino, oziq-ovqat mahsulotlari yoki o’simlik xom ashyosi sifatini organoleptik usulda — ko’rish, hidlash, ta’m bilish, eshitish a’zolari orqali aniqlash. Vinochilikda vinoning iste’mol qimmatini hamda ishlab chiqarish jarayonida uning sifatini maxsus chashnachi ustalar baholaydilar. Tajribali vinochichashnachi kimyoviy tahlil yoki maxsus asboblar yordamida olingan vino yoki vino mahsulot haqidagi axborotni to’ldirib, texnologik jarayonning takomil darajasiga tuzatishlar kiritadi. Choy Chashnachilikda quruq choyning tashqi ko’rinishi, damlangan choyning ta’mi, rangi, xidi va bargining ko’rinishi; tamakida hidi, ta’mi, o’tkirligi, tutunida yog’li moddalarning bo’lishiga e’tibor beriladi. Uzumning xo’raki navlari Chashnachilik jihatidan 10 balli shkala bo’yicha — uzum boshi va g’ujumining ko’rinishi, ta’mi va hidi, po’sti xususiyatlari va etining tuzilishi bo’yicha baholanadi. Chashnachilikning kamchiligi — uning muayyan darajadagi sub’yektivligi, afzalligi esa, eng sezgir asboblar bilan aniqlab bo’lmaydigan o’ziga xos nozik sifat xossalarini farqlash va unga baho berishidir. Chashnachilikda vinolar orasidagi kimyoviy yo’l bilan aniqlash mumkin bo’lmagan farqni, masalan, markali va oddiy vino orasidagi ta’m, xushbo’ylik va boshqa farqlarni aniqlash mumkin. Chashnachilikni maxsus tajriba va layoqatga ega bo’lgan chashnachi mutaxassislar bajaradilar. Bunday qobiliyat tabiiy tarixiy rivojlanish natijasi bo’lib, inson shakllanganidan to hanuzgacha va bundan buyon ham ishlab chiqarish faoliyati ta’sirida iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini saqlash, ovqatlanish madaniyati bilan doim aloqadorlikda takomillashib boradi. Maza sezish a’zolari rivojlangan, nodir qobiliyat egalari bo’lgan chashnachilar bilinear-bilinmas, nihoyatda nozik ta’m va lazzatlarni sezib, xulosa chiqara oladilar. Ko’rgazma, tanlov va yarmarkalarda vino, uzum, tamaki mahsulotlari sifati chashnachilar xulosalariga ko’ra belgilanadi. Qadimdan o’zbeklar orasida urf bo’lgan anor sayli, qovun sayli (Shirinak) kabi sayillarda ham etishtirilgan anor, anjir, qovuntarvuz shirinligi, rangi, etining muloyimligi, sharbati miqdori, urug’ining ozligi yoki yirik-maydaligi kabi sifatlarini aniqlash bo’yicha chashnachilar musobaqalari o’tkazilgan.