CHIGIRTKASIMONLAR

CHIGIRTKASIMONLAR (Acridoidea) — to’g’riqanotli hasharotlar turkumining katta oilasi. 10 mingdan ortiq turi bor. Tanasining uzunligi 9 santimetrcha; ipsimon mo’ylovlari tana uzunligining yarmicha. Qanotlari 2 juft, ba’zan rivojlanmagan yoki butunlay yo’q. Orqa oyoqlari sakrovchi; panjasi 3 bo’g’imli. Orqa oyoq sonini ustqanotga ishqalab tovush chiqaradi. Eshitish organi qorin old bo’g’imining yon qismida. Tuxumqo’ygichi qisqa. Tuxumlarini tuproqqa to’pto’l qilib qo’yadi. Urg’ochisi tuxum qo’ygichi yordamida chuqurcha yasaydi va unga tuxumi bilan birga maxsus bezlardan ko’piksimon suyuqlik ajratadi. Shu suyuqlik qotib, ko’zacha hosil bo’ladi. Lichinkasi, odatda, bahorda paydo bo’ladi va 4-7 marta pust tashlab 1-1,5 oyda rivojlanadi. Yozda jinsiy yetilgan individlar hosil bo’ladi va urug’lanib, tuxum qo’ya boshlaydi. Gala bo’lib (chigirtkalar) va yakka yashovchi Chigirtkasimonlar bor. Gala bo’lib yashovchi Chigirtkasimonlar serharakat lichinkalar yoki qanotli imagodan iborat to’dalar hosil qilish xususiyatiga ega. Ular siyraklashganda yakka yashovchi individlar vujudga kelib, ko’chmanchilik xususiyatini yo’qotadi. Hamma Chigirtkasimonlar o’simlikxo’r, ba’zan esa hayvonlar organizmi bilan ham oziqlanadi. Ko’pgina Chigirtkasimonlar, ayniqsa, gala bo’lib yashovchilari qishloq xo’jaligiga katta zarar yetkazadi. Ba’zi qurg’oqchil viloyatlarda tuproq hosil bo’lish jarayoni hamda moddalar almashinuvini jadallashtirishda Chigirtkasimonlar roli borligi aniqlangan.