Chili zilzilasi

Chili zilzilasi – 20-asrning eng dahshatli yer qimirlashlaridan biri. U tarixga «Chilidagi halokat» nomi bilan kirgan. Zilzila 1960 yil 21 may shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 5 dan 15 minut o’tganda boshlangan. Avvaliga bir necha kuchli tebranish (forshoklar) bo’lgan. Ular odatdagi zilzilalarga o’xshash bo’lganligi uchun unchalik xavf-xatar uyg’otmagan. Lekin ertasi kuni 22 may soat 3 larda ro’y bergan asosiy zilzila Janubiy Amerikani larzaga keltirgan. And tog’larining uzunligi 1000 kilometr va eni 300 kilometrli katta bo’lagi (bloki) deformatsiya tufayli bir vaqtda harakatga kelishi bir necha zilzila o’choqlarini hosil qilgan. Bular ichida eng halokatli yer qimirlash o’chog’idan magnitudasi 8,5 ga teng bo’lgan energiya ajralib, episentrda seysmik tebranishlar kuchi 11 balldan oshgan. Natijada Arauko yarim orolidagi qishloqlar va Konsepson shahri tiklab bo’lmas darajada xarobaga aylangan. Shuningdek, Valdiviya, PuertoMont, Kastro, Chilyan kabi boshqa bir qancha shaharlar 11 balli zilziladan vayron bo’lgan. Puertomontda tebranish kudrati shu qadar kuchli bo’lganki, portning beton to’siqlari, port kranlari, 40 tonnali vagonlar, hatto tovar omborxonalari dengizga surib tashlangan. Yer yuzasining ba’zi joylari odam bo’yi cho’kib, ba’zi joylari tik ko’tarilgan. Zilziladan hosil bo’lgan seysmik to’lqinlar yer sharini bir necha marta aylanib chiqqan. Shu sababli tinch okeanda sunami paydo bo’lgan, vulkanlar, tog’ ko’chkilari harakatga kelgan va 200 ming kilometr kvadrat maydonni xonavayron qilgan. Halokatga uchragan joylardagi 352,5 ming imoratdan 58,7 mingtasi yer bilan yakson bo’lgan, qolganlari yaroqsiz holga kelgan. Qurbon bo’lganlar soni 6000 ga yetgan. Zilzila sodir bo’lgan okeandagi suv to’lqini 6 metr ko’tarilib, soatiga 640 kilometr tezlik bilan Gavayi orollari va Yaponiya qirg’oqlariga yetib borgan, yuzlab odamlarni halok qilgan. Zilzila 8 kun mobaynida 3 marta qattiq tebranishlar (aftershoklar) bilan davom etgan. Ad.: Ibrohimov R., Kuchli zilzilalar izidan, T., 1982.