CHIG’ATOY

CHIG’ATOY, Chig’atoyxon (71242) — Chig’atoy ulusi hukmdori (1224-42). Chingizxonning 2-o’g’li. Onasi Bo’rta fujin (xotun) Qo’ng’irot urug’i vakili Day no’yonning qizi bo’lgan. Saltanat qonun-qoidalari (to’ra), udumlar, xususan, Chingizxon yasosining beistisno bajarilishini nazorat qilish uning zimmasiga yuklatilgan. Chig’atoy Chingizxon boshliq mo’g’ullarning bosqinchilik yurishlarida faol ishtirok etgan. 1211 yilda Xitoyga qarshi tashlangan harbiy safarda Chig’atoy ukalari O’qtoy va Tulu hamroxligida bir nechta yirik shaharlarni zabt etgan. O’rta Osiyoning mo’g’ullar tomonidan istilo qilinishida faollik va qattiqqo’llik ko’rsatgan Chig’atoy Jo’ji va O’qtoy bilan birgalikda O’trorni 3 oylik qamaldan so’ng (1219) olgan. 1220 yil Urganch mudofaasi vaqtida Chig’atoy bilan akasi Jo’ji o’rtasida kelishmovchilik yuzaga chiqadi. Oqibatda Chingizxon lashkar qo’mondonligiga O’qtoyni tayinlaydi. Chig’atoy 1221 yilning 25 noyabrda Sulton Jaloliddin bilan bo’lgan qaqshatqich jangda otasi yonida turgan. Chingizxonning tangutlarga qarshi uyushtirgan harbiy safari chog’ida (1227) Chig’atoy yurtni muhofaza qilish ishlariga boshchilik qilgan. 1224 yil Chingizxon mo’g’ullar zabt etgan yerlarni o’g’illariga mulk tarzida taqsimlab bergan. Sharqda Nayman qabilalari yashaydigan Oltoydan g’arbda Jayxun (Amudaryo)gacha, G’uljadan Samarkandu Buxorogacha bo’lgan hududlar Chig’atoyga tekkan. Uning qarorgohi ili daryosi vodiysida joylashgan. Chig’atoy o’ziga tegishli ulus boshqaruvini avval Maxmud Yalavochga, 1238 yil Mahmud Yalavoch O’qtoy tomonidan Pekin gubernatori (1254 yilgacha) etib tayinlangach, uning o’g’li Mas’udbekka (1238— 89) topshirgan. O’zi umrining oxirigacha O’qtoy qoon saroyida hukmdorning maslahatchisi sifatida faoliyat ko’rsatgan. Chig’atoy nomi bilan uning ulusi Chig’atoy ulusi, Movarounnahr aholisi so’zlashadigan til esa Chig’atoy tili deb nom olgan. Ad. Rashidad din, Sbornik letopisey, t.2, M.L., I960; Abulg’oziy, Shajarayi turk, T., 1992; Mirzo Ulug’bek To’rt ulus tarixi, T., 1994. Hamidulla Dadaboyev.