DALA IHOTA O’RMONZORLARI

DALA IHOTA O’RMONZORLARI – ekinzor, dalalar chegaralari bo’ylab barpo qilinadigan daraxtzorlar, ihota daraxtlarincht bir turi. Dala ihota o’rmonzorlari yer usti suv oqimini to’sib, tuproqni eroziyadan saqlaydi, uning suv, harorat va oziq rejimlarini yaxshilaydi, shamol tezligini pasaytiradi, dalalarda qorni uzoq muddat saqlab qolib, tuproq unumdorligini oshiradi, qurg’oqchilik va quruq shamollar ta’sirini kamaytirib, ekin maydonlarining iqlimiy va gidrologik sharoitlarini yaxshilaydi, qishloq xo’jalik ekinlari hosilini oshiradi. Dala ihota o’rmonzorlari nazariy asoslari va tashkiliy shakllari va boshqalar bilan agroo’rmon melioratsiyasi shug’ullanadi. O’rta Osiyoning sug’oriladigan yerlarida birinchi Dala ihota o’rmonzorlari 30-yillarda barpo qilindi. Mirzacho’l va Markaziy Farg’ona yerlarida 1957 yildan reja asosida ihota daraxtlari ekila boshlandi. 1990 yilga kelib O’zbekiston Respublikasida Dala ihota o’rmonzorlari 40 ming gektardan ortiq maydonni tashkil etdi. Dala ihota o’rmonzorlari asosiy va yordamchi turlarga bo’linadi. Asosiy Dala ihota o’rmonzorlari shamol eng ko’p esadigan yo’nalishga perpendikulyar holatda, yordamchilari esa asosiy mintaqaga perpendikulyar holatda joylashtiriladi. O’rmon mintaqalarining meliorativ ta’siri ularning shakli va tuzilishi (konstruktsiyasi)ga bog’liq bo’ladi. Konstruktsiyasi bo’yicha Dala ihota o’rmonzorlari 3 asosiy turga bo’linadi; shamol o’tkazmaydigan (zich) konstruktsiyali ihotazor (osti va usti bir xil zich, shamolni deyarli o’tkazmaydigan murakkab ko’p yarusli daraxtzor); panjarasimon o’rmon ihotazorlari (butun vertikal profile bo’ylab siyrak oraliklar bilan bir tekis bo’lingan 2 va 3 yarusli daraxtzorlar; shamol oqimi daraxtzor orasidan o’ta oladi); qisman shamol o’tkazuvchi ihotazorlar (yuqori qismida shox-shabbalar zich, pastki qismi esa daraxt tanalari o’rtasida oraliqlar mavjud bo’lib, balandligi 2,5— 3,5 metr). Dala ihota o’rmonzorlari parametrlari muayyan maydonning shamol harakati ko’rsatkichlariga qarab belgilanadi. Masalan, O’zbekiston 3 o’rmon melioratsiyasi rayoniga bo’linadi; shamol harakati kuchli (shamolning takrorlanishi yiliga 60 kungacha, tezligi 15 metr/sekunddan ortiq; maksimal tezligi 30 metr/sekund va undan ham yuqori); o’rtacha (kuchli shamolning takrorlanishi yiliga 10— 15 kun; maksimal tezligi 25 metr/sekund); kuchsiz (tezligi 15 metr/sekunddan oshiq bo’lgan shamol, yiliga 3-7 marta) hududlar. Birinchi guruhga mansub hududda butun profilning 25-35% miqdorida shamol o’tkazuvchi panjarasimon ihotazor, ikkinchi guruh hududlarda 40-50% mikdorida shamol o’tkazuvchi panjarasimon ihotazor, uchinchi guruh hududlarda esa qisman shamol o’tkazuvchi ihotazorlar samaralidir. Lalmikor yerlarda bu ko’rsatkichlar tegishlicha: 45- 55%, 50-60%, 70-75%. Dalalarni kuchli shamollardan o’rmon ihotazorlari yaxshi muhofaza qiladi. Kuchli shamol esadigan, sug’oriladigan hududlarda asosiy ihotazorlardagi daraxt qatorlari soni 3-4, o’rtacha shamol zonasida 3, kuchsiz shamolli hududlarda 2 ta bo’lishi maqsadga muvofiq. Yordamchi ihotazorlar esa 2 qatordan iborat bo’ladi (lalmikor yerlarda zonalarga muvofiq holda 5— 6, 4-5, 4 qatordan iborat bo’ladi). Kuchli shamol zonasidagi sug’oriladigan yerlarda asosiy ihotazorlar o’rtasidagi masofa 250-350 metr, o’rtacha zonada 300-400 metr, kuchsiz shamollilarda esa 400-500 metr; yordamchi ihotazorlar oralig’i 800-1000 metr. Sug’oriladigan yerlarda Dala ihota o’rmonzorlari tez o’sadigan va xo’jalikka foydali bo’lgan daraxt turlaridan barpo qilinadi (eman, chinor, bolle teragi, qora terak, oq akatsiya, qoratol, zarang, shumtol, tut va shu kabilar), sho’r tuproqlarda tuzga chidamli daraxtlar ekish tavsiya qilinadi (qayrag’och, shumtol, oq akatsiya, bolle teragi, tut, aylant — sassiq daraxt, na’matak va boshqalar). Daraxtlar hudud sharoitini hisobga olib ishlab chiqilgan maxsus usullarda parvarish qilinadi. Dala ihota o’rmonzorlari ekinlarning hosilini oshirishga imkon beradi. Dala ihota o’rmonzorlari himoyasidagi dalalar hosildorlik himoyalanmagan yerlardagiga qaraganda 8-10 tsentner/gektar yuqori bo’ladi. Dala ihota o’rmonzorlari kuzda yoki bahorda chuqur haydalgan tuproqda barpo etiladi. Parvarishlashning agrotexnik (tuproqni yumshatish, begona va yovvoyi o’tlardan tozalash, kasallik va hasharotlarga qarshi kurash) va o’rmonchilik (qurigan va kasallangan shox-shabbalarni qirqish ildiz bachkilarini olib tashlash va boshqalar) usullari qo’llanadi. Abdushukur Xonazarov.