DALACHOY
DALACHOY (Hypericum L.) — dalachoydoshlar oilasiga mansub o’t yoki chala butalardan iborat o’simliklar turkumi. 200 ga yaqin turi bor, ko’pchiligi O’rta dengiz hududlarida o’sadi. O’zbekistonda 3 turi bor. Ular choycho’p, dalachoy, choyo’t, qizilpoycha deb yuritiladi. Dalachoylarning barglari oddiy, yaxlit, ko’pchiligi qaramaqarshi joylashgan. Guli — ro’vaksimon to’pgul, sariq, ikki jinsli. Kosachabarglari ko’pincha yarmisigacha qo’shilgan. Changchilari ko’p, o’zaro tutashgan. Urug’chisi bitta, 3-5 uyali. Mevasi ko’sakcha. O’zbekistonning adir va tog’li hududlarida Dalachoyning N. perforatum L. degan turi ko’p tarqalgan. Iyun sentabrda gullab urug’laydi. Tarkibida oshlovchi moddalar, efir moylari va S vitamin bor. Xalq tabobatida (me’da-ichak kasalliklarida va qon aralash ich ketganda) ishlatiladi.