DO’STLIK

DO’STLIK — ijtimoiy-axloqiy va psixologik tushuncha. O’zaro hurmat, yoqtirish, manfaatlarning umumiyligi, yaqinlik, bir-birini tushunishga asoslangan kishilar o’rtasidagi munosabat shaklini ifodalaydi. Kishilarning muloqot shakli sifatidagi Do’stlik qonqardoshlik, o’rtokqlik, birodarlik tushunchalariga yaqin, lekin psixologik nuqtai nazardan esa ulardan o’zining alohidaligi, tanlash xususiyati, his-tuyg’u bilan farq qiladi. Axloqiy-psixologik hodisa va shaxsiy xislat sifatida Do’stlik odamning yoshi (bolalik, o’smirlikdagi Do’stlik), shaxsning shakllanishi bilan (maktabdagi, talabalik yillaridagi, armiyadagi Do’stlik) o’zgarib boradi. Ijtimoiy axloqiy muhit, kishilarning turmush tarzi Do’stlikning mazmun-mohiyatini belgilaydi. O’zaro manfaat (Epikur, utilitarizm namoyandalari), «tabiiy yoqtirish» hissi (A. Smit), baxtga erishishga ko’maklashish (18-asr frantsuz ma’rifatparvarlari) va boshqalar Do’stlikning asosi sifatida qaralgan. Haqiqiy, mustahkam Do’stlik yuksak, ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lgan maqsad va ideallar mushtarakligini anglash asosida shakllanadi. Do’stlik millat va xalqlar o’rtasidagi ijobiy aloqalarda ham o’z ifodasini topadi. Hozirgi davrda ko’p millatli O’zbekistonning rivojlanishi uchun xalqlar o’rtasidagi Do’stlik nihoyatda muhim. Xalqlar, millat va elatlar o’rtasidagi Do’stlik O’zbekistonda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashning muhim shartlaridan biridir.

DO’STLIK — Jizzax viloyatidagi shahar (1983 yildan). Do’stlik tumanining ma’muriy markazi. Viloyat markazi Jizzaxdan 52 kilometr. Temir yo’l stantsiyasi. Shahardan yirik avtomagistral yo’li o’tgan. Aholisi 16 ming kishi (2000). Asosan o’zbeklar, shuningdek, rus, qozoq, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Do’stlikda 2 qo’shma korxona, o’simlik moyi ishlab chiqaruvchi firma, «Do’stlikdon» aktsiyadorlik jamiyati, umumiy ta’lim maktablari, biznes maktabi, lisey, tibbiyot bilim yurti, sport majmuasi, tennis korti, kutubxona, Markaziy kasalxona, xotira memorial majmuasi mavjud.

DO’STLIK — Sirdaryo viloyatidagi shaharcha, Guliston sh.ning tarkibiy qismi, Do’stlik kanalining o’ng sohilida joylashgan. Maydoni 159,7 gektar. Eng yaqin temir yo’l stantsiyasi — Gulistondan 1 kilometr. Guliston—Dehqonobod avtomobil yo’li yoqasida. Aholisi 7435 kishi (2001). Do’stlikga 19-asr 2-yarmida ruslar kelib o’rnashgan, 1924 yilgacha posyolka, o’sha yildan 1992 yilgacha qishloq. Mustamlakachilik davrlarida mahalliy bo’lmagan nomlar bilan atalib kelgan, 1992 yildan hoz. nomda. Do’stlikda sanoat korxonalari yo’q. Madaniyat uyi, kutubxona, o’rta maktab, sanatoriy tipidagi sog’lomlashtirish markazi va poliklinika bor.

DO’STLIK — Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi shaharcha (1992 yildan). Denov shahridan 12 kilometr Janubda. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 3,4 ming kishi (1999). Do’stlikda paxta tozalash zavodi, tayyorlov idoralari faoliyat ko’rsatmoqda. Klub, kutubxona, umumiy ta’lim maktabi, tibbiyot muassasalari bor. Do’stlikdan tuman markazi Denov shahriga avtobus qatnaydi.

DO’STLIK — Farg’ona viloyatidagi shaharcha (1981 yildan). Quvasoy shahar Kengashiga bo’ysunadi. Farg’ona shahridan 10 kilometr Janubi-sharkqda, Isfayramsoyning o’ng sohilida joylashgan. Yaqin temir yo’l stansiyasi — Quvasoy (7 kilometr). Aholisi 2600 kishi (1998). 25 ga yaqin millat vakillari yashaydi. Do’stlikda yirik parrandachilik fabrikasi, ko’chat yetishtiriladigan o’rmon xo’jaligi bo’limi mavjud. 700 o’rinli klub, 620 o’rinli umumiy ta’lim maktabi, 250 o’rinli musiqa maktabi, kutubxona, 5000 o’rinli stadion, 22 savdo do’koni, 6 maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchasi bor.