DARAI GAZ

DARAI GAZ, Deregez, Darai jaz — o’rta asrlarda Afg’onistonning shimolda mavjud bo’lgan qadimgi tog’li tuman va shahar. Balxob daryosi vohasida, Balxdan 5 farsax (1 farsax — 6-7 kilometr) Janubda joylashgan. 10-asrda bu tog’lar Jabal Ko’h nomi bilan mashhur edi. «Darai Gaz» atamasi qadimdagi afsonaviy gaziston mamlakati nomidan olingan. Rivoyatlarga ko’ra, afsonaviy Rustam Semurg’ bergan kamon dastasini Isfandiyorta shu erdan turib uloqtirgan. 17-asrga oid «Subxonqulinoma» asarida qam Darai Gaz tarixi afsonaviy davrlarga borib taqaladi. 17-asrda Darai Gaz vohasi ayni Iskandariya (Iskandar bulog’i) nomi bilan mashhur katta chashma bor edi. Bu chashma yaqinidagi, atrofi suv bilan o’ralgan balandlikdagi maqbaraga go’yo Aleksandr (Iskandar Maqduniy) dafn etilganmish. Xitoy manbalariga ko’ra, Darai Gaz vohasida ilk o’rta asrlarda Kiyotchi mulki joylashgan, Syuan Szanning yozishicha, uning iqlimi sovuq, lekin yeri juda unumdor bo’lib, o’simlik va mevalar oz, lekin sabzavot va bug’doy mo’l-ko’l edi. Aholisi serjahl va beshafqatliligi bilan ajralib turgan. 7-asrda bu yerda 10 ta budda monastiri, 300 ga yaqin rohib bo’lgan. O’rta asrlarda Darai Gaz vohasida shu nomda bir shahar bor edi, ko’plab qishloqlar unga tobe edi. 11-asrda Darai Gaz G’aznaviylar shikorgohi va harbiy qarorgohi bo’lib, unda ikki mingdan ziyod turkiy va hindlardan iborat otliq qo’shin o’rnashgan. Darai Gaz vohasi 16-17-a.srlarda ham Balx viloyati harbiy kuchlarining to’planish yeri va bosh harbiy qarorgoh hisoblanib, u yerda hukumat qo’shinlarining doimiy turar joylari joylashgan. Bu yerdagi Oqjilg’a yaylovining kengligi 2 farsaxga (12-14 kilometr) etgan. Balx aholisi yoz faslida shu erda dam olgan. Ad.: Ahmedov B., Istoriya Balxa, T., 1982; Kamaliddinov Sh.S., Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toxaristana po araboyazichnim istochnikam IX — nachala XIII vv., T., 1996.