DYUMA (DUMAS), ALEKSANDR
DYUMA (DUMAS), ALEKSANDR [Dyuma-ota; 1802.24.7, Viller-Kotre (en departamenti) — 1870.5.12, Pyui (quyi Sena departamenti)] — frantsuz yozuvchisi. Adabiy faoliyatini dramaturg sifatida boshlagan — «Ov va muhabbat» (1825) kichik pyesasi. «Genrix III va uning saroyi» (1829) dramasi yozuvchiga muvaffaqiyat keltirdi. Dyumaning «Antoni» (1831), «Nel minorasi» (1832) va boshqa pyesalari romantik teatr tarixidagi muhim voqeadir. 1835 yilda Dyuma birinchi tarixiy romani «Izabella Bavarskaya»ni e’lon qildi. 19-asrning 40-yillarida ketma-ket «Uch mushketyor» (1844), «Yigirma yildan so’ng» (1845), «Vikont de Brajelon» (1848-50) tarixiy-sarguzasht romanlari paydo bo’ldi. Trilogiyani tashkil etgan bu romanlarning qahramonlari umumiy — asardan-asarga o’tib yuradi. «Qirolicha Margo» (1845), «Monsoro xonim» (1846), «Qirq besh» (1847-48) — Genrix Navarrskiy haqidagi trilogiyadir. «Graf Monte-Kristo» (1845-46) zamonaviy hayot haqidagi sarguzasht roman. Dyuma romanlar va pyesalardan tashqari esdaliklar, yo’l ocherklari va boshqa asarlar yozgan. «Parijdan Astraxongacha» (1858) Kitobi Rossiyaga sayohati haqida. Dyumaning romanlari qiziqarli, ularda hayotga faol munosabat sezilib turadi, voqealar tez rivojlanadi, qahramonlari jasur, xushchaqchaq, topqir, qiyinchiliklarni oson bartaraf qiladi va hamisha g’olib chiqadi. Dyumaning bir qator asarlari dunyoning turli mamlakatlarida ekranlashtirilgan. «Graf Monte-Kristo», «Uch mushketyor» romanlari o’zbek tilida nashr etilgan. «Nel minorasi» pyesasi «Ajal minorasi» nomi bilan o’zbek tilida sahnalashtirilgan (1972).